AQSh JSSTga ajratilib kelingan mablag‘larni sog‘liqni saqlash bilan shug‘ullanadigan nodavlat tashkilotlariga yo‘naltirmoqchi. Bu haqda mansabdorlar va AQSh davlat departamentiga yuborilgan hujjatga tayanib, Washington Post xabar berdi.

Foto: Depositphotos

“AQSh davlat kotibi davlat departament va Xalqaro taraqqiyot agentligidan JSSTni chiqarib tashlab, xalqaro yordam dasturining muqobil ijrochilarini topish va uni jalb qilishni so‘radi”, — deyiladi davlat departamenti xodimlariga yuborilgan hujjatda.

Gazeta manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp va uning maslahatchilari JSSTni bir necha front bo‘yicha ortga surish uchun “sahna orti” ishlarini olib bormoqda.

Donald Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirishni to‘xtatishini 15-aprel kuni e’lon qilgandi. Prezident tashkilotni koronavirus tarqalishiga o‘z vaqtida yetarlicha e’tibor qaratmaganda ayblamoqda, bu esa o‘z navbatida kasallikning yanada keng tarqalishiga sabab bo‘lgan.

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo esa Fox News telekanaliga bergan intervyusida Amerika JSSTni moliyalashtirish masalasiga boshqa qaytmasligi mumkinligini bildirgan. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Trampning ushbu qarorini noto‘g‘ri vaqtda qabul qilingan deb baholadi.

Keyinchalik Bloomberg’ning ma’lum qilishicha, Pompeo AQShga yetti mamlakatda poliomiyelit va koronavirusga qarshi kurashish dasturlari doirasida JSSTga moliyaviy yordam berishni davom ettirishni tavsiya qilgan.

Agentlikning ma’lum qilishicha, davlat departamentiga yuborilgan xatda JSST yettita mamlakat: Afg‘oniston, Misr, Liviya, Pokiston, Sudan va Turkiyada poliomiyelit va COVID-19’ga kurashishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlangan.

AQShning JSSTni moliyalashtirishdan voz kechganini e’lon qilganidan bir hafta o‘tganidan keyin Xitoy JSSTga qo‘shimcha 30 million dollar ajratishini e’lon qilgan. 2018—2019-moliyaviy yilda tashkilotga AQSh tomonidan qariyb 900 million dollar mablag‘ ajratilgan, Xitoy esa ushbu davr mobaynida 85 million dollar bergan.