Toshkent, Farg‘ona va O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi aholi Ilon Maskning global internet loyihasi asosida koinotga uchirilgan Starlink sun’iy yo‘ldoshlarining parvozini kuzatdi.

Foto: Telegram

Ayni vaqtda fazo orbitasida yuzlab sun’iy yo‘ldosh uchib yuribdi. Yil davomida yana 24 ta shunga o‘xshash parvoz amalga oshiriladi – ularning har birida 60 tadan sun’iy yo‘ldosh kosmosga uchirilishi ko‘zda tutilgan.

Bir yil avval 25-maydan 26-mayga o‘tar kechasi ham O‘zbekiston aholisi 60 ta uchar jismning osmondagi harakatini kuzatgan va ushbu parvozlarning videolari internetda tarqalgandi.

SpaceX’ning 60 ta sun’iy yo‘ldosh ortilgan Falcon 9 raketasi uchirilishi koronavirus sabab qoldirilgani xabar qilingan, biroq keyinchalik sun’iy yo‘ldoshlarining parvozi 23-aprelda amalga oshirilgandi. SpaceX qurilmalarining birinchi guruhi 2019-yil may oyida uchirilgan. Kompaniya rejalariga ko‘ra, 2020-yilda Starlink’ning koinotdagi internet tizimi AQSh va Kanadada ishlashni boshlaydi, 2021-yilga borib butun dunyoni qamrab oladi.