O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi yuqumli kasalliklar shifoxonasida 21 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorning hamda Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 12 nafar bemorning tuzalgani va mas’ullar ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilganini xabar qildi.

Foto: “Daryo”

Xabarga ko‘ra, sog‘ayganlarning barchasi Qoraqalpog‘istondan (15 nafari Nukus shahridan, 4 nafari Mo‘ynoq tumanidan, yana 2 nafari Qo‘ng‘irot tumanidan) bo‘lib, kasallikni koronavirusga chalinganlar bilan muloqot qilish oqibatida yuqtirib olgan.

Bemorlarning 9 nafari erkak, 12 nafari ayol, ular orasida eng yoshi kattasi 64 da bo‘lsa, eng kichigi 5 yoshda.

Qoraqalpog‘istonda 27-aprel soat 18:00 holatiga ko‘ra, jami 50 nafar bemor koronavirusdan tuzalgan.

Shuningdek, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 12 nafar koronavirusga chalingan bemor Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Bemorlarning 7 nafari Toshkent shahrida, 1 nafari Buxoro viloyatida, 2 nafari Qashqadaryo viloyatida va yana 2 nafari Toshkent viloyatlarida istiqomat qiladi. Ular ham koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Tuzalganlarning eng yoshi kattasi 65 da bo‘lsa, eng kichigi 9 yoshda.

Klinikada ayni paytga qadar 110 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 122 nafarga yetdi.

Avval O‘zbekistonda yana 22 kishi koronavirusdan tuzalgani, Jizzaxda kasallangan bemorlar qolmagani xabar qilingandi.

2020-yil 27-aprel soat 18:15 holati bo‘yicha jami 103 nafar bemor tuzalib, O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlarning umumiy soni 892 nafarga yetdi. Virus aniqlangandan buyon qayd etilgan jami kasallanish holatlari esa 27-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, 1887 tani tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning sakkiz nafari vafot etdi.