“Roskosmos” 1998 OR2 asteroidining Yerga yaqin masofadan uchib o‘tishi salbiy oqibatlarga olib kelishi ehtimolini rad etmoqda. Bu haqda “RIA Novosti”ga korporatsiya matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Foto: Shutterstock

Qayd etilishicha, diametri 1,8-4,1 kilometrga teng bo‘lgan 52768 (OR2 1998) raqamli asteroid 29-aprel kuni Yerga minimal masofada yaqinlashadi va taxminan 6,29 million kilometr uzoqlikda bo‘ladi. Bu Yer bilan Oy o‘rtasidagi masofadan 16 baravar ko‘pdir. Asteroid xavfli hisoblanadi, chunki uning parvoz yo‘li Yer orbitasini kesib o‘tadi.

“Uning parvozi qanday oqibatlarga olib kelishi haqida gap-so‘zlarga asos yo‘q. Bunday (yirik) obyektlarning orbitalari doimiy ravishda va uzoq vaqt davomida o‘rganiladi va modellashtiriladi, shu sababli bu borada qandaydir kutilmagan hodisalar yo‘q”, — deb ma’lum qilgan “Roskosmos”dagilar.

Shuningdek, nisbatan yirik (diametri 1 kilometrdan ortiq bo‘lgan) kosmik obyektlarning trayektoriyalari yetarli darajada yaxshi kuzatiladi. “1998 OR2 asteroidi ham bundan mustasno emas”, — deb qo‘shimcha qilgan “Roskosmos” matbuot xizmati.