“O‘zgidromet” Buxoroda talafotlarga olib kelgan kuchli shamol paydo bo‘lishiga nima sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston meteorologik stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning Turkmaniston hududi bilan tutash janubi-g‘arbiy tumanlarida shamolning tezligi sekundiga 22—25 metrgacha yetdi, Qorako‘l tumani (Buxoro viloyatining janubi)da shamolning shiddati sekundiga 30 metr, Navoiy tumanida 35 metrni tashkil qildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu tabiiy ofatga Turkmanistonning janubiy hududi ustida shakllangan siklon sabab bo‘ldi. 27-aprel kechqurun sovuq siklon fronti O‘zbekistonning Turkmanistonga tutash janubi-g‘arbiy tumanlaridan o‘tdi.

Atmosfera fronti zonasida ikkita — kunduzi 34—37 darajagacha qizigan issiq va sovuq siklon fronti ortidagi salqin havo oqimlari to‘qnashdi, bu holat havoning yuqoriga kuchli harakatlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratdi hamda momaqaldiroq va shiddatli shamolning rivojlanishiga olib keldi.

Qayd etilishicha, “O‘zgidromet sinoptiklari 27—29-aprel kunlari O‘zbekiston hududi bo‘ylab ob-havoning nobarqaror bo‘lishini kutgan edi — ob-havo ma’lumotlarida shamolning tezligi sekundiga 15—20 metrgacha kuchayishi va vaqti-vaqti bilan momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi ko‘rsatildi. Xususan, Buxoro va Navoiy viloyatlarida bu hodisalar 27-apreldan 28-aprelga o‘tar kechasi kutilgan edi.

O‘zbekiston hududining katta qismida shamolning kuzatilgan tezligi 15—20 metr/sekund atrofida bo‘ldi. Biroq Buxoro va Navoiy viloyatining ayrim tumanlarida shamolning tezligi prognoz qilingan qiymatlardan yuqori bo‘ldi.

“Shamol shunday ekstremal tezlikka erishishini oldindan prognoz qilish mumkinmidi? Afsuski, barcha ob-havo hodisalarini, shu jumladan, xavfli hodisalarni oldindan bilish qiyin. Bir joyning o‘zida yuzaga keladigan kichik hududlarni qamrab olib, juda tez rivojlanadigan lokal (mahalliy) hodisalarni prognozlash juda murakkab hisoblanadi.

Har xolda turli jahon ob-havo markazlarining hisob-kitoblariga ko‘ra ham 27—28-aprel kunlari shamolning tezligi sekundiga 20 metrdan yuqori bo‘lishi kutilmagan edi. Balki hisob-kitoblarning bunday natijasi pandemiya davrida yuzaga kelgan ma’lumotlar yetishmasligi sababli bo‘lishi mumkin, chunki bugun dunyoda kuzatilayotgan pandemiya davrida meteorologik ma’lumotlar hajmi bir necha marta kamaydi”, — deb ta’kidlagan “O‘zgidromet”.

Shuningdek, bildirilishicha, Buxoro va Navoiy viloyatlarida shamol kuchining sekundiga 30—35 metrgacha yetishi, albatta, juda kam uchraydigan hodisa. Lekin bu anomal holat degani emas. Xususan, 2019-yilda Navoiyda shamol tezligining 35 metr/sekundga yetganligi ikki marta qayd etilgan. Qorako‘l meteostansiyasida 1981-yil may oyida shamolning tezligi 40 metr/sekund bo‘lgani qayd etilgan.

“Yana shuni ham e’tiborga olish kerakki, shiddatli shamollar meteostansiyalar yo‘q bo‘lgan rayonlarda yuzaga kelgan holatlar ham kuzatiladi, bunday holatda shuning uchun meteokuzatuvlar tarixida qayd etilmaydi”, — deb xabarni yakunlagan “O‘zgidromet”.

Eslatib o‘tamiz, Buxoroda yuz bergan kuchli shamol oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, 41 kishi jarohatlandi. Kuchli shamoldan so‘ng Buxoro, Navoiy, Sirdaryo va Samarqanddagi salkam 140 ming xonadon gazsiz qoldi. Buxoro kuchli shamoldan so‘ng elektr ta’minotida eng katta talafot ko‘rdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroda yuz bergan kuchli shamol oqibatlarini ko‘zdan kechirish uchun viloyatga tashrif buyurdi hamda Olot va Qorako‘lda tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirdi.

Buxoroda 27-aprel shamolidan so‘ng Qorako‘l va Olot tumanlari bilan aloqa uzilib qolganidan keyin Qorako‘l va Olotda toshqin haqida asossiz mish-mish tarqalgan va tuman aholisi 28-aprel kuni o‘z xonadonlarini tark eta boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda traktor tirkamasida Buxoro shahri tomon ketayotgan qorako‘lliklar videosi ham paydo bo‘lgan. Keyinroq suv toshqini haqida yolg‘on xabar tarqatgan shaxslar aniqlandi.