Xitoy Tibbiyot fanlari akademiyasining patogen biologiya instituti olimlari koronavirus yo‘q bo‘lib ketmasligi va u mavsumiy gripp kabi har yili qaytalanishini ma’lum qildi, deb xabar beradi The New York Post.

Foto: Getty Images

Olimlarning so‘zlariga, COVID-19 17 yil oldin tarqalgan SARS (atipik pnevmoniya) kabi yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ta’kidlanishicha, SARS’ni yuqtirib olganlar kasallikni og‘ir o‘tkazgan, ularda kasallik belgilari ham aniq ajralib turgan. Karantin joriy etilganidan so‘ng kasallik tarqalishi to‘xtagan.

Ammo COVID-19 ko‘p hollarda belgilarsiz tarqalmoqda, shu sababli uni to‘liq to‘xtatishning imkoni yo‘q. Xitoyda hozirga qadar har kuni o‘nlab kasallikning belgilarisiz holatlari qayd etilmoqda.

“Bu insoniyat bilan uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan kasalliklar kabi mavsumiy epidemiyaga aylanishi mumkin”, — deydi Patogen biologiya institutit direktori Szin Si.

Avvalroq xitoylik olimlar koronavirusdan ko‘proq erkaklar vafot etayotganini aniqlagan bo‘lsa, hindistonlik shifokorlar COVID-19’ning 10 ta mutatsiyasini aniqlagani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, koronavirus inson umrini 10 yilga qisqartirishini mumkin.