Sirdaryo viloyatida 1-may kuni soat 05:55 da Sardoba suv ombori to‘g‘onining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Oqibatda Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mazkur vaziyat bo‘yicha zudlik bilan Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat quyi tizimiga kiruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda Qo‘rg‘ontepa aholisini “Birlik” mahallasiga vaqtincha evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q, jiddiy talafotlar ham kuzatilmagan.

Sardoba suv ombori haqida

Prezident matbuot xizmatining 2017-yil 17-maydagi axborotidan:

“Prezidentimiz dastlab Sardoba suv ombori qurilishining borishi bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2010-yilda Janubiy Mirzacho‘l kanalining markaziy tarmog‘i o‘tgan hududda suv ombori bunyod etila boshlangan edi. Joriy yilda qurilishi yakunlanadigan gidroinshootda 922 million kub metr suv to‘planadi. Bu Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi unumdor yerlardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish imkonini beradi.

Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirmoqdamiz, odamlar takroriy ekin ekib, qo‘shimcha daromad topsin. Sardoba suv ombori hududdagi dehqon va fermerlarga bu borada katta imkoniyatlar yaratadi, dedi davlatimiz rahbari”.

Eslatib o‘tamiz, Gidrometeorologiya xizmatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 1—2-may kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Kaspiy dengizining janubiy tumanlari ustida shakllangan nam havo oqimi kirib kelishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Unda Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi, shamolning tezligi soniyasiga 15-20 metrgacha kuchayishi, ayrim joylarda esa 23-28 metrgacha yetishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

Avvalroq Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yuzaga kelgan tabiiy ofat oqibatida sel qoramol podasini oqizib ketgani haqida xabar berilgan edi.