Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omborida yuz bergan avariyadan so‘ng 1-may kuni zudlik bilan Sirdaryo viloyatiga safar qilib, Oqoltin tumanida aholi vakillari bilan uchrashdi. “O‘zbekiston 24” telekanali xabariga ko‘ra, Prezident aholi vakillari bilan uchrashuvda sarosimaga o‘rin yo‘qligini, aniq reja asosida tezkor chora-tadbirlar olib borilayotganini ta’kidlagan.

“Bu ham bir sinov, hech kim kutmagan sinov. Eng katta qilgan harakatimiz — odamlarni xavfsiz joylarga ko‘chirish edi. Sizlardan, Oqoltin tumani rahbarlari, oqsoqollari, nuroniylari, mahalla raislaridan, iltimos qilaman — hozir odamlarni saranjom qilishimiz kerak, hammamiz birgalikda harakat qilib, vaqtinchalik sharoitlarini yaratib beramiz”, — dedi Prezident.

“Odamlarni hozir yig‘ib, uylarga joylashtirib, nonini, ovqatini, hamma sharoitini qilib, yashaydigan joy qilishimiz kerak. Mahalla raisi bilan ‘uchastkavoy’ o‘tirib, hamma sharoitini yaratadi. Hamma kuch-vositani shunga safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi bo‘lmagunicha, birorta rahbar, men boshchiligimda, hech qayoqqa qimirlamaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Kechqurun men o‘zim borib, sizlar bilan suhbat qilib, bugungi ma’lumotlar va ertangi rejalarni kelishib olamiz”, — dedi davlat rahbari Oqoltin tumani faollari bilan muloqot so‘ngida.