Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv omborida to‘g‘oni piketlaridan birida 1-may kuni soat 5:55 da buzilish yuz berib, suv toshib chiqishi yuz bergan edi.

Foto: Telegram

“Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa va Do‘stlik aholi yashash punktlaridagi suv toshqini jiddiy zarar yetkazdi”, — deya ma’lum qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev.

FVV vakili axborotida suv toshqini yetkazgan jiddiy zarar yuzasidan biror raqam keltirilmagan. Qayd etish joiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda toshqin oqibatida turar joy binolari buzilgani, mol-hol suvda oqib ketayotgani aks etgan videoyozuvlar tarqalgan edi.

Eslatib o‘tamiz, voqea yuzasidan berilgan ilk rasmiy axborotlarda dastlab faqat Sardoba tumanidagi Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga “suv kirgani” ta’kidlangan, keyinroq Mirzaobod tumanidagi ayrim mahallalarga ham “suv kirgani” bildirilgan edi.

Ma’lumot uchun, sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat yuzasidan FVVda koll-sentr faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tashkil etilgan tezkor raqam kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda. Qo‘ng‘iroqlar 1205 va 1250 qisqa telefon raqamlari orqali qabul qilinmoqda.