Shimoliy Koreyada hukmron Mehnat partiyasining matbuot organi bo‘lgan Rodong Sinmun gazetasi KXDR rahbari Kim Chen Inning o‘g‘it zavodi ochilishida tushgan fotosuratlarini e’lon qildi. Kim Chen In suratlarini KXDR Markaziy telegraf agentligi ham e’lon qilgan.

Foto: KXDR Markaziy telegraf agentligi

Fotosuratlarda Shimoliy Koreya rahbari sog‘lom ko‘rinishda bo‘lib, fotosuratchilarga tabassum qilgan.

Foto: KXDR Markaziy telegraf agentligi

Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi Shimoliy Koreya rahbari 20 kundan beri birinchi marta jamoatchilik oldida paydo bo‘lganini qayd etdi. Aprel oyida CNN telekanali Kim Chen Inning yuragi operatsiya qilingani va sog‘lig‘i yomonlashgani haqida xabar bergandi.

Foto: KXDR Markaziy telegraf agentligi

Telekanalda Chen In so‘nggi marta 11-aprel kuni ommaga ko‘rinish bergani, shuningdek, u Kim Ir Sen tug‘ilganiga 108 yil to‘lishi munosabati bilan 15-apreldagi marosimni o‘tkazib yuborgani ta’kidlangan. Yaponiyaning Shukan Gendai nashri u operatsiyadan keyin og‘ir ahvolda ekanini yozgan.

Shundan so‘ng xorijdagi bir qator OAVda Shimoliy Koreya yetakchisining sog‘lig‘i xavf ostida ekani haqidagi xabarlar tarqalishiga sabab bo‘lgan. Daily NK, shuningdek, CNN telekanali va Yaponiyaning Shukan Gendai jurnali o‘z yangiliklarida ismini oshkor etmagan manbalarga tayanmoqda. Xitoy, AQSh va Rossiya Shimoliy Koreya yetakchisining vafot etgan to‘g‘risidagi xabarlarni rad etgandi.

25-aprel kuni kechasi Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida Gonkongning HKSTV televideniyesi direktori o‘rinbosari nomidan Kim Chen Inning o‘lgani haqidagi xabar paydo bo‘lgan. Ammo KXDRning xorijiy davlatlar bilan madaniy aloqalar bo‘yicha maxsus vakili Alexandro Kao de Benos bu ma’lumotni rad etgan.

KXDR markaziy gazetasi Rodong Sinmun, shuningdek, mamlakat markaziy radiosida esa Kim Chen Inning o‘limi to‘g‘risidagi xabarlar fonida uning nomidan bayonot e’lon qilindi. Unda Samchjiyon shahrida so‘nggi yillarda olib borilayotgan qurilish ishlarida mehnat qilayotgan ishchilarga minnatdorchilik bildirgan. Biroq bayonot qachon berilgani va hozirda Kim Chen In qayerda ekanligiga oydinlik kiritilmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreyada 2019-yildan buyon hokimiyatni topshirish uchun favqulodda reja tayyorlanmoqda. Mamlakat tepasiga amaldagi rahbar Kim Chen Inning o‘rniga uning singlisi Kim Yo Chjon kelishi mumkin.