Sirdaryoda suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishidan so‘ng yuzaga kelgan toshqinda bir fermer suv oqizib borayotgan ikki qizaloqning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda Sardoba tumanidagi “Qo‘rg‘ontepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat Jalilovga asoslanib, “Xalq so‘zi Online” nashri xabar bermoqda.

Sardoba suv omborining o‘pirilgan qismi.

Foto: “Xabar.uz”

Shuhrat Jalilovning ta’kidlashicha, toshqinning dastlabki zarbasi “Qo‘rg‘ontepa” mahallasiga urilgan (FVV axborotiga ko‘ra, ushbu aholi punkti toshqindan jiddiy zarar ko‘rgan).

“Xabar kelgan zahoti, tong g‘ira-shirasida ovozkuchaytigichlar orqali aholini tezda uylarini tark etishga chaqirdik. Qisqa vaqtda favqulodda vaziyatlar, hokimlik va turli tashkilotlar bilan birga odamlarni transport vositalarida xavfsiz joylarga ko‘chirdik”, — deydi mahalla raisi.

“Shu o‘rinda qishloqdoshimiz, fermer Abduhoshim Azimovning jasoratini aytib o‘tish lozim deb hisoblayman. U hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, suvda oqib borayotgan ikki nafar voyaga yetmagan qizni ofat changalidan qutqarib qoldi”, — deya qo‘shimcha qildi Shuhrat Jalilov.

Ushbu mahalla aholisi hozirda xavfsiz maskanga joylashtirilgan. Qayd etish joiz, Sardoba suv omboridagi avariyadan so‘ng suv ombori atrofidagi 70 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilingan, hozirgacha kamida 20 kishi qutqarilgan, ofat oqibatida 56 kishi tan jarohati olgan.