Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘oni 1-may tongida buzilib, suv toshib chiqqan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, 2-may holatiga ko‘ra qutqaruvchilar tomonidan 138 nafar toshqin oqibatlaridan qutqarilgan.

Qayd etishlaricha, qidiruv-qutqaruv ishlariga Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 75 nafar shaxsiy tarkib va 13 ta maxsus motorli qayiq safarbar etilgan.

Avvalroq FVV matbuot xizmati suv toshqini vaqtida uylar tomiga, daraxtlarga va tepaliklarga chiqib olgan kamida nafar 20 kishi qutqarilgani haqida xabar bergan edi. Qutqarilgan shaxslarga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyatida suv omboridagi avariya oqibatida kelib chiqqan suv toshqinlaridan so‘ng 70 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilingan, kamida 56 nafar fuqaro turli tan jarohatlari bilan kasalxonalarga yotqizilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-maydan buyon Sirdaryo viloyatida bo‘lib turibdi. U bugun to‘g‘on buzilgan joydagi qayta tiklash ishlari bilan tanishdi, shuningdek, suv toshqinidan zarar ko‘rgan aholi punktlarini ko‘zdan kechirdi.

Avvalroq davlat rahbari Sirdaryo viloyatidagi “sharoit yaxshilanmagunicha, hech bir rahbar hech qayoqqa ketmasligini”ni ta’kidlagan edi.