Ozarbayjonda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash choralar doirasida joriy etilgan karantin davrida kiyim do‘konlarida kiyinish xonalaridan foydalanish taqiqlandi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Foto: Pixabay

Bunday cheklov Ozarbayjon davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan koronavirus infeksiyasining oldini olish bo‘yicha metodik ko‘rsatmalarida qayd etilgan.

Shuningdek, karantin davri mobaynida pardoz vositalari namunalarida foydalanish ham taqiqlandi.

Belgilangan qoidalarga ko‘ra, zargarlik buyumlari va taqinchoqlar sotiladigan do‘konlarda, shuningdek, lombardlarda mijozlar buyumlarga qo‘l tekkazishdan oldin va keyin qo‘llarini dezinfeksiyalashi lozim.

Xuddi shunday qoidalar mobil telefonlar, aksessuarlar do‘konlari, shuningdek, telefon tuzatuvchi ustaxonalarga nisbatan ham joriy etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjonda koronavirus sabab 24-martdan buyon maxsus karantin rejimi joriy etilgan.