Mirzo Ulug‘bek tumani ma’muriy sudida 5-may, seshanba kuni O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlari xodimlarini haqorat qilgani yuzasidan sud ishi bo‘lib o‘tishi e’lon qilindi. Keyinroq sud ishi boshqa vaqtga qoldirilgani haqida aytildi.

Foto: Instagram/@yulduzusmonovaibragimovna

O‘zAning yozishicha, Yulduz Usmonova sud majlisiga kelmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Yulduz Usmonova Instagram sahifasida jonli efirga chiqib, sirdaryoliklar uchun odamlardan yig‘ilgan xayriyani topshirish uchun o‘zi bora olmasligi, sababi tergov tugagunicha shaharda bo‘lib turishi kerakligini aytgani aks etgan video tarqaldi. Xonanda, shuningdek, tergov natijasida adolat yuzaga chiqishidan umid qilayotganini bildirdi.

“Ozgina xuliganlik qilingan, lekin bunga sabab bo‘ladigan odamlar ham bor, ishni boshlab qo‘yib yordam bermaganlar, chaqirganda va’da qilib qochib ketganlar. Tergovda hammasi aniqlanadi. Ko‘nglingizni to‘q qiling, mana shu tergov tugaganida qanchalik adolat borligini hammamiz ko‘ramiz. Ota-onalar xafa bo‘lmasin, yaxshi xodimlarning ota-onasi ham bor. Forma kiyishning javobgarligi katta. Forma — vatan mudofaasi, vatanni qo‘riqlash, biz tinch uxlaymiz bular bizni qo‘riqlagan paytda. Lekin ularni bizga kerakli vaqtda topa olmasak? Men savollarga javob topiladi, haqiqat yuzaga chiqadi, degan umiddaman. Bir boshga bir o‘lim. Men hech qachon biror narsadan xavotir olmaganman. Nima bo‘lsa, Allohdan”, — deydi Yulduz Usmonova.

Eslatib o‘tamiz, 4-may, dushanba kuni, ijtimoiy tarmoqda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatidan norozi bo‘lib, ularni haqorat qilgani aks etgan video tarqaldi.

Xonandaning Instagram sahifasidagi jonli efirdan yozib olingan ushbu videoda Yulduz Usmonova tomonidan militsiya va YHXB xodimlari sha’niga turli haqoratli so‘zlar yog‘dirilgan. O‘zbekiston xalq artistining ushbu qilmishi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng Yulduz Usmonovaning yana bir videomurojaati paydo bo‘ldi. Videoda xonanda ulug‘ ayyom kunlarida ichki ishlar xodimlaridan dilini og‘ritgani uchun kechirim so‘radi.

Avvalroq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ushbu video yuzasidan surishtiruv olib borilayotganini aytib, bayonot bergandi.