Amerikaning Yuta shtati politsiyasi ota-onasining mashinasini haydab qochib, o‘ziga Lamborghini sotib olish uchun Kaliforniyaga ketayotgan besh yoshli bolani to‘xtatdi, deb yozadi Motor.

Qayd etilishicha, bolaning yonida avtomobil xarid qilish uchun uch dollar bo‘lgan.

Foto: Twitter

Bola onasidan unga mashina sotib olib berishni so‘ragan, ona esa uning talabini rad etgan. Bundan xafa bo‘lgan bola mashinani o‘zi sotib olishga qaror qilgan.

Politsiyachi Rik Morgan trassada juda sekin harakatlanayotgan mashinani ko‘rib, uni imkoniyati cheklangan odam haydayotganligini taxmin qilgan. Politsiyachi maxsus signalni yoqib, mashinaga to‘xtash ishorasini bergan, biroq u to‘xtamagan. Shunda Morgan Dodge avtomobilini ta’qib qila boshlagan. Natijada haydovchi mashinani to‘xtatgan.

Shundan so‘ng mashina rulida besh yoshli bola o‘tirgani oydinlashgan. U o‘zini Adrian deb tanishtirgan. Morgan bolaning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilgan. Ular shu zahotiyoq yetib kelgan.

Aniqlanishicha, Adrian ota-onasi ishdaligida unga qaraydigan opasi uxlab yotganidan foydalanib, mashinani haydab yo‘lga chiqqan.

Bolaning ota-onasi uni hech qachon rulga o‘tqazmasligi, mashina haydashni o‘rgatmaganligini aytgan. Ular bola qanday qilib mashinani haydashni o‘rganib olganidan hayratda ekanligini bildirgan.