AQSh prezidenti administratsiyasi Oyda resurslar qazib olish bo‘yicha xalqaro bitim loyihasini tayyorlamoqda, deb xabar berdi Reuters hujjat tayyorlanishi jarayonidan xabardor bo‘lgan manbalarga tayanib.

Foto: AP Photo

Agentlikning qayd etishicha, ushbu kelishuvga Artemis Accords (“Artemida kelishuvi”) deb nom berilib, unga Rossiyadan tashqari qator sherik-davlatlarni qo‘shish rejalashtirilgan.

Loyihada kelajakdagi Oydagi bazalar atrofida raqobatdosh davlatlar yoki yaqin atrofda ishlaydigan kompaniyalarning zarar yetkazishi yoki aralashuvining oldini olish uchun “xavfsizlik zonalari” tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Agentlik suhbatdoshlaridan birining qayd etishicha, kelishuv asosida AQSh hududga nisbatan da’vogarlik qila olmaydi. Xavfsizlik zonalari fazoni o‘zlashtirayotgan davlatlar o‘rtasida hududni texnik jihatdan suveren deb e’lon qilmasdan turib muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Shartnomada, shuningdek, Oyda resurs qazib chiqarish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga ushbu resurslarga nisbatan xalqaro qonunchilik doirasida mulk huquqini o‘rnatish tartibi ham keltirib o‘tilgan.

Xabarda aytilishicha, AQShning sheriklari hozircha loyiha bilan tanishib chiqmagan. Vashington yaqin orada ushbu reja bilan bir qator davlatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Kanada, Yaponiya, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarini tanishtirishni rejalashtirmoqda.

Dastlabki bosqichda Rossiya AQSh sherigi sifatida qaralmayapti. AQSh harbiylari Rossiya sun’iy yo‘ldoshlarining “tahdidli” harakatlaridan xavotirda. Shu nuqtayi nazardan, Rossiyaning ushbu loyihada ishtirok etishiga qarshi chiqmoqda. Bunga Pentagonning pozitsiyasi ham turtki bo‘lgan.

Avvalroq Lockheed Martin 2030-yil 30-sentabrga qadar Artemis dasturi asosida 6 tadan 12 tagacha Orion kosmik kemalarini qurib bitkazishi lozimligi xabar berilgan edi.