Tailandlik baliqchilar Siam qo‘ltig‘ida suzib yurgan kamyob pushti delfinlarni videoga olishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar qiladi Reuters.

Kadr: YouTube

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, delfinlar koronavirus pandemiyasi sabab turistlar kamayib ketgani uchun qirg‘oqlar yaqiniga qo‘rqmasdan suzib kelmoqda.

“Men juda ham hayratga tushdim, chunki hech qachon pushti delfinni ko‘raman deb o‘ylamagandim”, — deydi Chayot Saedan ismli baliqchi.

Tailand pushti delfinlari Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining kamyob turlar ro‘yxatiga kiritilgan. Phuket dengiz biologiya markazi direktori Kongkiata Kittivatanavongning so‘zlariga ko‘ra, Siam qo‘ltig‘ida bu turdagi delfinlarning 150 yaqini yashaydi.

Ta’kidlanishicha, Tailandda 2020-yilning mart oyida turistlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 76 foizga kamayib ketgan.

Aprel oyining oxirlarida Istanbuldagi eng mashhur diqqatga sazovor maskanlardan biri bo‘lgan O‘rtakoy masjidining yaqinidan oqib o‘tuvchi suvda delfinlar paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Ta’kidlash kerakki, ko‘plab odamlar karantinda bo‘lganligi sabab hayvonlar oldinlari borishga qo‘rqqan joylariga kelishni boshlagan. Masalan, Argentinadagi Mar-del-Plata kurort shahri ko‘chalarida dengiz arslonlari paydo bo‘lgan bo‘lsa, pingvinlar bo‘shab qolgan Keyptaun ko‘chalarini o‘zlariniki qilib olgan. Gvatemala junglilariga esa yaguarlar qaytib kelgan.