“Titanik” kemasi va uning halokati haqida deyarli hammamiz eshitganmiz, o‘qiganmiz, bilamiz. Ammo tarixda yana bir katta kema halokati bo‘lganki, uning ortidan kelgan oqibatlar juda dahshatli edi. “Daryo” 1915-yil 7-may kuni Germaniya cho‘ktirib yuborgan “Luzitaniya” kemasi haqida ma’lumot beradi.

Foto: Wikipedia

Millionerga telegramma

1915-yil 1-may kuni o‘sha paytlarda dunyoning eng boy odamlaridan biri bo‘lgan amerikalik millioner Alfred Vanderbilt Nyu-Yorkdan Yevropaga suzib ketishga tayyorgarlik ko‘rayotgan “Luzitaniya” nomli okean laynerida paydo bo‘ldi. U zinapoyadan asta-sekin ko‘tarilib, kemaning markaziy qismiga yo‘l oladi. Vanderbiltga yaqinlashayotgan eltuvchi unga hurmat bilan telegramma uzatayotganini atrofdagilarning ko‘pchiligi kuzatib turardi.

Telegramma matni juda g‘alati, g‘ayrioddiy va eng qizig‘i u imzosiz edi. “Ba’zi manbalardan ma’lum bo‘lishicha, “Luzitaniya”ga hujum qilinadi. Sayohatni darhol qoldiring”. Yo‘q, Alfred Vanderbilt “Atlantika faxri”ni quvib yetishi mumkin bo‘lgan kema yoki suvosti kemasi bor bo‘lishi mumkinligiga ishona olmadi.

Atlantika faxri 

“Luzitaniya” haqiqatan ham Atlantika faxri edi, chunki u 1907-yilda “Atlantika moviy tasmasi” mukofotiga sazovor bo‘lib, dunyodagi eng tezkor bug‘ kemasi degan nomni olgandi. Bu mukofot London—Nyu-York dengiz yo‘li bo‘ylab Atlantika okeanini kesib o‘tayotganda erishgan rekord tezligi uchun berilgan. Atlantika okeani uzra o‘tgan olti ming kilometrlik bu yo‘lni “Luzitaniya” to‘rt kun-u 19 soat 52 daqiqada bosib o‘tgandi.

Bundan tashqari, bir haqiqatni hamma bilar edi. Birinchi jahon urushi boshida nemis kreyseri “Luzitaniya”ni qo‘lga olishga urinib ko‘radi va u radio orqali: “Kema qo‘lga olindi, menga ergashinglar” deb buyruq beradi. “Luzitaniya” kapitani esa bu buyruqqa juda oddiy harakat bilan javob beradi — u kemaning tezligini maksimal daraja bo‘lgan 27 uzelga (50 km) olib chiqadi va tez orada nemis kreyserlari bu transatlantik laynerni ko‘zdan yo‘qotadi.

Ko‘pchilik, hatto urush paytida ham layner xavf ostida emasligiga amin edi, shuning uchun eng hurmatli yo‘lovchilar uning xizmatlaridan foydalanardi. Vanderbilt ham g‘alati telegrammani kimningdir hazili deb o‘yladi va unutdi, borib o‘zining qulay kayutasiga joylashdi. Biroq o‘sha kungi g‘alati ogohlantirishni nafaqat amerikalik millioner olgandi, balki Nyu-Yorkdagi ba’zi gazetalarning so‘nggi sahifalarida ham shu kuni qora ramka bilan belgilangan mana bunday ogohlantirish yozilgandi.

Foto: Wikipedia

Ogohlantirish

“Atlantika okeani bo‘ylab sayohat qilmoqchi bo‘lgan har bir kishiga Germaniya va uning ittifoqchilari, Britaniya va uning ittifoqchilari bilan urishayotganini eslatamiz. Harbiy harakatlar hududi Britaniya orollariga tutash zonalarni o‘z ichiga oladi va rasmiy ogohlantirishlarga binoan Buyuk Britaniya bayrog‘i ko‘tarilgan kemalar yoki uning ittifoqchilaridan birining bayrog‘i ostida suzayotgan kemalar bu hududlarda nemislar tomonidan hujumga uchrashi mumkin”.

Germaniya elchisi, Vashington, 1915-yil 22-aprel.

Ammo ko‘pchilik bu ogohlantirishga e’tibor bermadi. 1915-yil 1-may kuni kechqurun “Luzitaniya” suzib ketishga tayyorlanardi. Yuk va pochtani yuklash nihoyasiga yetdi va oxirgi yo‘lovchilar okean layneri kemasiga chiqdi. Hammasi bo‘lib 1 257 yo‘lovchi (shundan 129 nafari bolalar) va 702 nafar ekipaj a’zosi, jami 1 959 kishi kemaga joylashdi.

Suzib yuruvchi qasr

Kema qulay va mukammal edi. U yerda enagalar bilan ta’minlangan bolalar xonasi, kasalxona, shuningdek, ko‘plab boshqa yangiliklar: liftlar, telefonlar va elektr signal chiroqlari, xizmatkorlar uchun alohida xonalar, hatto itlar va boshqa uy hayvonlarining xonalari mavjud edi.

Arkli eshiklar, ulkan qandillar, qizil yog‘ochdan bezaklar va mebellar, qulay kreslolar, “qishki” bog‘lar — bularning barchasi kema interyeriga uy atmosferasiga yaqin bo‘lgan modern uslubini berardi. Palubadagi bo‘yoq va motor moyining hidlarigina “Luzitaniya”ning kema ekanini eslatib turardi.

“Luzitaniya”ning egalari g‘ururlanadigan o‘ziga xos xususiyati bu — laynerning cho‘ktirib bo‘lmasligida edi. Kemaning ikki qavatli pastki qismi va suv o‘tkazmaydigan bo‘linmalari juda ishonchli deb hisoblangan. Nihoyat, kema trubalaridan tutun chiqdi. Chiqish yo‘laklaridan zinalar olindi va “Luzitaniya” Liverpul shahri tomon yo‘l oldi. Baland gudoklar chalinib qirg‘oqdagilar bilan xayrlashdi. Afsuski, bu so‘ngi vidolashuv edi...

Foto: Wikipedia

Dengizda hamma yoq tinch

Kemaga ingliz kompaniyasining eng tajribali kapitanlaridan biri Uilyam Tyorner rahbarlik qilardi. U allaqachon dunyoni bir necha marta aylanib chiqqan, unga shimoliy qutb ham, Tinch okeanining janubidagi tropik orollar ham yaxshi tanish edi. U kema palubasida turib, mag‘rur nigohlari bilan okeanning yaltiroq yuzasini ko‘zdan kechirar va mamnuniyat bilan trubkasini tortib qo‘yardi. Hammasi uning eng yaxshi safarlariday tinch edi. Ha, Tyorner Atlantika aro suzar ekan, kema xavf ostida emasligiga ishonardi.

Darhaqiqat, safarning dastlabki olti kuni xotirjam va xavfsiz o‘tdi. 7-may kuni ertalab “Luzitaniya” Irlandiyaning janubi-g‘arbiy hududiga ketayotgan edi. Kapitan dengizni kuzatishni kuchaytirishni buyurdi. “Luzitaniya” 20 uzel tezlikda suzib borardi (37 km), har besh daqiqada u o‘ngga va chapga o‘n darajadan qayrilib, kursni o‘zgartirib suzardi. Tyorner agarda nemislarning suvosti kemasi hujum qilguday bo‘lsa, bunday zigzag harakatlar mo‘ljalga olishiga xalaqit berishini bilardi. U, shuningdek, bironta ham suvosti kemasi “Luzitaniya”ni quvib yeta olmasligiga ishonardi.

“O‘ng bortda torpeda, ser!”

Dengiz tinch edi, mayin shabboda esardi. Tushlikdan keyin yo‘lovchilar o‘z kabinetlariga tarqala boshladi. Aynan shu vaqtda, soat taxminan 14:10 da kuzatuv joyidan dengizni tomosha qilayotgan matros Tomas Kuin kapitanga baqiradi: “O‘ng bortda torpeda, ser!” Tyorner kema boshqaruvi xonasi turgan ko‘prik o‘rtasiga bor-yo‘g‘i bir qadam qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Bir necha lahzadan so‘ng kema bortiga torpeda urilib portladi. Portlash ovozi dengiz bo‘ylab ko‘plab kilometrlarga eshitiladigan darajada kuchli bo‘ldi. Kema shu zahotiyoq o‘ng tarafga ag‘darila boshladi va bir vaqtning o‘zida old tarafdan cho‘ka boshladi

Kemadagi hech kim “Luzitaniya”ga torpedaga qanday zarar yetkazganini aniq ayta olmaydi. Portlashdan yo‘lovchilar hayratda qoldilar, keyin yana bir portlash — undan ham dahshatlisi. Tarixchilar hali ham bu ikkinchi portlash haqida bahslashadi. Germaniya suvosti kemasiga qo‘mondonlik qilgan kapitan-leytenant Shvinger ikkinchi torpedani ishga tushirishganini qat’iyan rad etgan. Shu sababli nemislar ikkinchi portlashni kemadagi portlovchi moddalarning portlashi bilan izohlaydi va Germaniya bilan urush paytida Angliyaga yetkazib berish uchun portlovchi moddalar yashirin ravishda yo‘lovchi kemasiga yuklangan deb ta’kidlaydi. Qulay layner esa bunday maqsad uchun shunchaki niqob edi deb biladi.

Portlash oqibatlari dahshatli edi. Kema bortida bemalol poyezd o‘tishi mumkin bo‘lgan katta yoriq paydo bo‘ldi. Yuzlab tonna suv “Luzitaniya” ichiga sho‘ng‘idi. Bug‘lash moslamasining portlashidan keyin bir necha daqiqa davomida tasavvur qilib bo‘lmaydigan shovqin ko‘tarildi: qattiq shikastlangan bug‘ turbinasi o‘z vaqtida to‘xtatilmagan edi. Kemadan osmonga suv va bug‘ bilan birga ko‘mir, o‘tin va po‘latdan yasalgan bo‘laklar otildi. Ular balandlikka ko‘tarilib, yuqoridan kema palubasiga yog‘ilib tushdi.

Foto: Wikipedia

“Tezlik qirolichasi”ning yiqilishi

“Tezlik qirolichasi” qoqilib yiqilib tushganga o‘xshardi. Ammo ulkan inersiya tufayli u yana oldinga siljishda davom etardi, ammo chiroqlarning miltillashi uning generatorlari to‘xtash bilan tahdid qilayotganini ko‘rsatardi. Kapitan Tyorner kemani Kinseyl yaqinidagi sayozlikka to‘xtatmoqchi bo‘ldi. U “Luzitaniya”ning dengizdagi ajoyib imkoniyatlariga juda qattiq ishondi va kamida bir soat cho‘kmasligiga umid qildi. Bu qayiqlarni suvga tushirish va odamlarni qutqarishga imkon berardi.

Biroq vaziyat yanada yomonlashdi: portlash bug‘ turbinasini vayron qildi va asosiy bug‘ liniyasini uzdi. “Luzitaniya” o‘ng tomonga yiqila boshlaganida, uning 20 metrli quvurlari kemaning pastki qismiga qulab, odamlarni dengizga uloqtirib yubordi. Kema radisti Robert Leyt falokat signalini uzatishga muvaffaq bo‘ldi, ammo SOS signali atigi to‘rt marta yangradi xolos, chunki kemadagi generator to‘xtashi bilan radio xonadagi elektr ta’minoti ham uzilgandi.

Qayiqlarni suvga tushirish chog‘ida “Luzitaniya” ekipajidagi ofitserlar tuzatib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ydi. Gap shundaki, ular kema inersiya bilan oldinga siljiyotganini hisobga olmadi va qayiqlar suvga tegishi bilan ularni bu harakat itarib tashladi va ular laynerning po‘lat bortiga qattiq urildi. Natijada, qayiq ichidagi odamlar suvga tushib ketdi. Atlantika okeanining sarhadsiz qismida odamlarning og‘riqli qichqiriqlari eshitilardi, shundan keyin g‘ayritabiiy sukunat paydo bo‘ldi.

Okeanning moviy to‘lqinlarida faqat yarim parchalangan qayiqlar, maydalangan jasadlar va tirik qolgan bir necha kishining tanalari bor edi. Ko‘p o‘tmay “Luzitaniya” o‘ng tomonga yanada ko‘proq ag‘darila boshladi va kema ustida qolgan odamlar ham suvga tushib ketdi. Kemaning old tomoni suv ostiga yarmigacha botib turardi va oradan ko‘p o‘tmay ulkan kema to‘liq ag‘darilib ketdi, kemaning qora yaltiroq tag qismi biroz ko‘rinib turdi-yu, bir necha soniyadan keyin Atlantika tubiga g‘arq bo‘ldi.

Kapitan kemani so‘nggi bo‘lib tark etadi

SOS translyatsiyasini Irlandiya sohilidagi ba’zi radiostantsiyalar va yaqin atrofdagi kemalar qabul qildi. Ko‘pchilik o‘layotgan odamlarga yordamga shoshildi, ammo hamma ham signalda ko‘rsatilgan joyga yetib bora olmadi. Bu o‘rtada nemis suvosti kemalari yana paydo bo‘ldi va ba’zi qutqaruvchilar o‘z jonini qutqarishga qaror qildi.

“Luzitaniya” kemasining qurilishi.

Foto: Wikipedia

“Katarina” deb nomlangan yuk kemasi kapitanining asablari kuchliroq bo‘lib chiqdi. U suvdan chiqib turgan periskoplarga (Suvosti kemasining kuzatuv mexanizmi) e’tibor bermadi va bir nechta qayiqlardagi odamlarni qutqarishga muvaffaq bo‘ldi. Irland baliqchilari ham o‘zlarini haqiqiy qutqaruvchilar sifatida ko‘rsatdi.

Kapitan Tyornerni esa “Blyubella” kemasining dengizchilaridan biri qutqarib oldi. Kapitan “Luzitaniya”ni kema qulab tushguniga qadar tark etmagan edi. Kema ag‘darilgach u ham suvda paydo bo‘ldi, lekin u yaxshi suzuvchi bo‘lgani uchun okeanda uch soatcha suzib turgan. “Blyubella” dengizchisi kapitan egnidagi formaning tugmalari yaltirashidan uni payqab qoldi va Uilyam Tyornerni qutqardi.

Oqibatlar

Dunyoning har xil mamlakatlarida “Luzitaniya”ning fojiali halokati haqidagi xabarlar turlicha reaksiyalarga sabab bo‘ldi. Masalan, butun Kanada kema haqidagi xabardan hayratda qoldi. Bortda Yevropadagi urushga ko‘ngilli bo‘lib ketayotgan Kanada fuqarolari bor edi.

“Luzitaniya” nemis suvosti kemasi tomonidan Irlandiya sohilida cho‘ktirib yuborilgani haqidagi xabar Nyu-Yorkka yetib kelganida, fond birjasining yopilishiga bir necha daqiqa qolgan edi. Biroq bu vaqt ko‘plab aksiyalarning darhol tushib ketishi uchun yetarli bo‘ldi. Qutqarilganlarning barchasi Irlandiyaning Kuinstaun shahriga olib kelindi. Qutqarilgan odamlar soni o‘lganlarga qaraganda bir yarim baravar kam edi. Bu “Titanik” halokatidan keyin dengizdagi eng katta falokat bo‘lib, 18 minut ichida 1 198 odam halok bo‘ldi.

Yana bir qiziq fakt shundan iboratki, 1927-yilda Atlantikadagi kuchli bo‘ron paytida “Keltik” layneri cho‘kib ketadi. Omon qolganlar orasida keksa ingliz ayoli, Myurrey xonim ham bor edi. Ushbu falokat haqida yozgan jurnalistlar 1915-yilda Myurrey xonim “Luzitaniya” kemasidan qutqarilgan yo‘lovchilar orasida ham bo‘lganini bilib hayron bo‘ldi. Gazetachilar Myurrey xonim “Titanik” halokatidan ham muvaffaqiyatli omon qolgan yo‘lovchilar ro‘yxatida ekanini bilgandan keyin shok holatiga tushadi. Bu keksa zaif xonim uch marta XX asrning eng katta falokatlariga tushib, “suvdan quruq” chiqqan edi.

Germaniya 1917-yilgacha Britaniya orollari atrofida yana yettita Amerika kemasini cho‘ktirib yubordi. 1917-yil 6-aprelda AQSh prezidenti Vudro Vilson Germaniya imperiyasiga qarshi urush e’lon qilish taklifi bilan Kongressga murojaat qildi. Shu kuni Kongress Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi va AQSh Birinchi jahon urushining bevosita ishtirokchisiga aylandi. “Luzitaniya” kemasining cho‘ktirilishi insoniyat tarixidagi eng halokatli urushlardan birining olovini keng miqyosda yoyilishiga boshlang‘ich sabab bo‘lgan edi.

Mixail Kubeyevning “100 ta buyuk halokat” va Genri Liddel Gartning “Birinchi jahon urushi tarixi” kitoblari asosida Nurbek Alimov tayyorladi.