“Xiva – 2020-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingani munosabati bilan turkiy tilli davlatlarning taniqli san’atkorlari xonanda Hulkar Abdullayevaning “Paqa-paq” qo‘shig‘ini birgalikda ijro etdi. Bu haqda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xabar berdi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tatariston, Turkmaniston, Turkiya, Qrim, Moldova, Kabarda-Balkariya, O‘zbekiston san’atkorlari Zoom orqali bir joyga to‘planib, Hulkar Abdullayevaga jo‘r bo‘lib, “Paqa-paq” qo‘shig‘ini kuylagan.

“Ko‘hna Xiva yurtimizga xorijlik sayyohlarni eng ko‘p jalb etuvchi qadimiy shaharlardan biri. Xorazm zaminining go‘zal va navqiron bu go‘shasi 2020-yilda turk dunyosi madaniyati poytaxti maqomiga sazovor bo‘ldi. Bu bizlar uchun faxr va iftixor tuyg‘usidir.

Moziy sahnasida ne-ne istilolarga bo‘yin egmagan Xiva, hamon serviqor ko‘rinishini yo‘qotmagan va uning dovrug‘i butun dunyoga tarqalmoqda.

‘Xiva – 2020-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti’ deb e’lon qilingani munosabati bilan barcha qardosh turkiy xalqlarning taniqli san’atkorlari birgalikda qo‘shiq kuylashdi.

Bugungi sinovli kunlarda ijro etilgan ushbu qo‘shiq dunyo xalqlarini qalban yanada yaqinlashtiradi”, — deb yozadi Ozodbek Nazarbekov.