Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchining internet tezligi pastligi sababli uyining tomida o‘tirgan holda onlayn darslarni o‘tayotgani aks etgan video tarqaldi.

Unda video muallifi zinadan uy tomiga ko‘tarilib, u yerda soyabon tutib olgan holda oldiga noutbuk va darsliklar qo‘yib olgan ayolni ko‘rsatgan. “Dars o‘tyapman. Agar internet bundan keyin ham shunday bo‘lsa, bu yerda ertadan kechgacha o‘tirib, kasal bo‘lib qolaman”, — degan tomdagi o‘qituvchi.

“Gazeta.uz” ushbu video yuzasidan Xalq ta’limi vazirligidan izoh olgan. Ularning aytishicha, o‘qituvchi Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridan 15 kilometr uzoqlikdagi Yo‘ldoshobod shaharchasida istiqomat qiladi.

“Hozirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan ishlamoqdamiz. O‘qituvchi Farg‘ona viloyatidan ekanligi ma’lum. Aniq manzili aniqlaganidan so‘ng Moliya vazirligi vaziyatni o‘rganishni va internet bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga yordam berishni rejalashtirmoqda”, — deya ma’lum qilingan XTV xabarida.

Vazirlik, shuningdek, “Qiyinchiliklarga qaramay, u ishlashda va bolalarni o‘qitishda davom etmoqda. U bizda fidokorona mehnat qiladigan insonlar borligini ko‘rsatdi”, deya o‘qituvchining ishiga sadoqati uchun minnatdorchilik bildirgan.

Speedtest Global Index reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston mobil internet tezligi bo‘yicha 141 ta davlatlar ichida 133 o‘rinda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganidan keyin barcha ta’lim muassasalari yopilgan. Maktab o‘quvchilari uchun 30-martdan boshlab bir qator telekanallarda videodarslar efirga uzatilmoqda.