Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 koronavirusining tarqalishiga tayyorgarlik ko‘rish va unga qarshi harakat qilish bo‘yicha strategik rejasini yangiladi. Ushbu rejani amalga oshirish uchun 1,7 milliard dollar kerak bo‘ladi. Bu haqda JSST rahbari Tedros Gebreyesus o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Foto: AP Photo

Uning aytishicha, bu haqda davlatlarga — JSST a’zolariga kunlik brifing doirasida ma’lum qilingan. Tashkilot rahbarining so‘zlariga ko‘ra, rejaning o‘zi yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi.

“Yangi rejadagi hisob-kitoblarga ko‘ra, COVID-19’ga qarshi kurashish uchun JSSTga 1,7 milliard dollar kerak bo‘ladi. Ushbu hisob-kitoblar orasida JSST hozirga qadar olgan mablag‘lari ham o‘rin olgan bo‘lib, 2020-yilda moliyalashtirish taqchilligi 1,3 milliard dollarni tashkil etadi”, — deydi Gebreyesus.

Tashkilot rahbarining qayd etishicha, mazkur reja joriy yil oxiriga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, JSSTning faoliyati uchun zarur bo‘lgan resurslarga, shu jumladan, “mazmunli yetkazib berish”ni o‘z ichiga oladi. “JSST pandemiyaga tayyorlik ko‘rish va unga qarshi kurashish uchun sog‘liqni saqlash sohasi ustuvorligini ta’minlash borasida hukumatlarga texnik yordam ko‘rsatishni davom ettiradi”, — deydi Gebreyesus.

Eslatib o‘tamiz, AQSh JSSTni moliyalashtirishdan voz kechganini e’lon qilganidan bir hafta o‘tganidan keyin Xitoy JSSTga qo‘shimcha 30 million dollar ajratishini e’lon qilgan. 2018—2019-moliyaviy yilda tashkilotga AQSh tomonidan qariyb 900 million dollar mablag‘ ajratilgan, Xitoy esa ushbu davr mobaynida 85 million dollar bergan.