Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Tojikistondagi vakili Galina Perfilyevaning ma’lum qilishicha, uning shartnomasi yaqin vaqt ichida tugaydi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.

Foto: Tojikiston sog‘liqni saqlash vazirligi

JSST vakilining ma’lum qilishicha, u mazkur lavozimda vaqtincha ishlab turgan. U tashkilotda allaqachon nafaqaga chiqqan, shuning uchun uning shartnomasi muddati tugamoqda. Ayni paytda tashkilot rahbariyati uning o‘rnini egallovchi vakilni izlamoqda.

Qayd etilishicha, pandemiya boshlanganidan buyon Galina Perfilyeva Tojikistonda koronavirusga chalinish holatlari yo‘qligi haqidagi ma’lumotlarni shubha ostiga olmagani uchun keskin tanqidlarga uchragan. Natijada Tojikistonda koronavirus bilan bog‘liq dastlabki holatlar JSSTning Yevropa ofisi missiyasining mamlakatga kelish vaqti bilan bir paytda aniqlandi. Mazkur missiya ayni paytda Tojikistonda bo‘lib turibdi.

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat fonida 5-may kuni Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Nasim Olimzod o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Tojikistonda 7-may holatiga ko‘ra, 461 kishi koronavirusga chalingan, 12 nafar bemor kasallik oqibatida vafot etgan.