KXDR Davlat kengashi raisi Kim Chen In Xitoy raisi Si Szinpinga og‘zaki murojaat yuborib, Xitoyning koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda va ushbu kasallikning oldini olishdagi muvaffaqiyatlariga baho berdi. Bu haqda Shimoliy Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Foto: AP Photo

KXDR yetakchisi o‘z murojaati orqali pandemiyaga qarshi kurashda ishonchli ravishda g‘alabaga erishgan Xitoy rahbariyatini maqtab, Xitoyning muvaffaqiyatidan xuddi o‘ziniki kabi xursand ekanligini bildirgan. Kim Chen In Si Szinpinga mustahkam sog‘liq tilagan.

KXDR raisi turli muammolarni birgalikda yechish tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanib, rivojlanib boraverishiga ishonch bildirgan.

Avvalroq Xitoyning barcha hududlarida koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik xavf pasaygani, mamlakatda koronavirus xavfi o‘rta va yuqori darajada bo‘lgan hududlar qolmagani ma’lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, KXDR yetakchisi Kim Chen In Rossiya tomonidan “1941—1945-yillarda sodir bo‘lgan Ulug‘ Vatan urushida erishilgan g‘alabaning 75 yilligi” yubiley medali bilan taqdirlangan edi.