Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda Tojikistonga yordam berish uchun sakkiz nafar o‘zbekistonlik shifokor mazkur qo‘shni davlatga jo‘nab ketdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Vazirlik tomonidan ma’lum qilinishicha, COVID-19 kasalligiga chalingan bemorlarni samarali davolashda katta tajriba va malakaga ega bir guruh shifokorlar Tojikistonga yo‘l oldi. Ularni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov kuzatib qo‘ydi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik samarasi o‘laroq Tojikistonga yo‘l olgan shifokorlar COVID-19’ning oldini olish, nazorat qilish va davolashni tashkil etishda tojikistonlik tibbiyot xodimlariga yaqindan ko‘maklashadi.

Tojikistonga yo‘l olgan tibbiyot guruhi tarkibiga anesteziolog-reanimatolog, pulmonolog, epidemiolog, infeksionist, virusolog, hamshira kabi koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda katta tajriba to‘plagan malakali tibbiyot xodimlari kirgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Avvalroq Tojikistonga shifokorlar bilan bir qatorda konteynerlar, 10 ta sun’iy nafas oldirish apparati va juda ko‘p tibbiy xalat, dori vositalari, qo‘lqop, respiratorlardan iborat insonparvarlik yordami ham jo‘natilgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilgan. Muloqot chog‘ida davlat rahbarlari koronavirusga qarshi kurash masalasi hamda Sardobada yuz bergan falokatni muhokama qilgan.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 30-aprel kuni mamlakatda 15 kishida koronavirus aniqlangani haqida ma’lum qildi, bu Tojikistonda qayd etilgan dastlabki holatlar bo‘ldi. Tojikistonda 7-may holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 461 kishiga yetgan, kasallik oqibatida qurbon bo‘lganlar soni esa 12 kishiga yetgan.