O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Tojikistonga 144 ta mobil tibbiyot konteynerlarini yuborish bo‘yicha mamlakat hukumatiga topshiriq berdi. Koronavirusga chalingan bemorlarni joylashtirish va davolashga mo‘ljallangan konteynerlar temiryo‘l orqali 8-may kuni ertalab Dushanbe shahriga yetkazildi, deb xabar beradi Asia-Plus.

Foto: Facebook / Zafar Khudaykulov

Bu kabi konteynerlardan koronavirus pandemiyasi vaqtida mobil gospital sifatida foydalanilmoqda.

“Ular kasallar uchun joy yetmayotgan shifoxonalarning yuklamasini kamaytirishga xizmat qiladi”, — deydi O‘zbekistonning Tojikistondagi diplomatik vakolatxonasi.

Ta’kidlanishicha, konteynerlar “Bofanda” stadioniga yetkaziladi va o‘sha yerda mobil shifoxona tashkil etiladi.

Avvalroq Dushanbe meri Rustam Emomali shaharda qurilishi bitmagan binolarni gospitalga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Gap poytaxtdagi hali qurilishi yakuniga yetmagan ikkita bino haqida ketmoqda, u 800 nafargacha bemorni qabul qila oladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra, Mudofaa vazirligi harbiy-transport samolyotlari orqali Dushanbega navbatdagi gumanitar yordam ham yetkazilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdan uchadigan harbiy-transport samolyoti Dushanbega 10 dona sun’iy nafas oldirish apparati, dori vositalari, himoya xalatlari, qo‘lqoplar va respiratorlar olib boradi. Bundan tashqari, mazkur samolyot bilan koronavirusga qarshi kurashda tajribaga ega sakkiz nafar o‘zbek virusolog va epidemiologi ham uchib boradi.

“Ular Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘rsatgan shifoxonalarda zudlik bilan ish boshlaydi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 5-may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali suhbatlashgan edi. Ular mintaqadagi va mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni muhokama qilgan.

Ma’lumot uchun, Tojikistonda 7-may holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar soni 461 kishini tashkil etmoqda. Jahon banki Tojikistonda 21 ming nafar odam koronavirusdan vafot etishi mumkinligini taxmin qilgan.