20:55, 08.05.2020 // 30988

O‘zbekistonda 8-may kuni koronavirusdan tuzalganlar 119 nafarni tashkil etdi — bu kunlik rekord. Sog‘ayganlar 1775 kishiga yetdi

O‘zbekistonda yana 37 nafar bemor koronavirus keltirib chiqargan kasallikdan sog‘aydi (Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida 5 nafar, Toshkent shahar 3-sonli tug‘ruq kompleksida 4 nafar, Samarqand viloyatida yana 1 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 21 nafar hamda Surxondaryo viloyatida 6 nafar) va reabilitatsiyaga kuzatildi, deya xabar qilgan Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: “Daryo”

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida tuzalganlarning 4 nafari erkak, 1 nafari ayol. Bemorlar — Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahrida yashaydigan fuqarolar. Ularning 2 nafari Rossiyadan, 1 nafari Turkiyadan kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. Qolgan 2 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan.

3-sonli tug‘ruq majmuasida sog‘aygan ayollarning 2 nafari Toshkentdan, 2 nafari esa Toshkent viloyatidan. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan.

Samarqand viloyatida tuzalgan Toyloq tumanida yashovchi 55 yoshli ayol koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgandi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida shu paytga qadar koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlarning umumiy soni 548 nafarga, Surxondaryo viloyatida esa 35 nafarga yetdi.

Samarqand viloyatida sog‘ayganlarning soni 70 nafarni tashkil qilmoqda. Avval viloyatda 17 nafar bemor butunlay sog‘aygani va O‘zbekistonda tuzalganlar soni 1738 nafarga yetgani xabar qilingandi.

2020-yil 8-may soat 17:00 holatiga ko‘ra, bir sutka ichida 119 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan tuzalib, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar sog‘ayishni boshlagan kundan buyon o‘tgan vaqt ichida eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 1775 nafarni tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish ilk bor qayd etilgan 15-martdan buyon kasallik oqibatida 10 nafar bemor vafot etgan, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlarning umumiy soni esa 2020-yil 8-may soat 15:00 holatiga ko‘ra, 2324 nafarni tashkil qilgan, 539 nafar bemor kasallikdan davolanmoqda.

Kasallanish holatlari soni nisbatan kamayib, epidemiologik vaziyat barqarorlashib borayotgani munosabati bilan, O‘zbekiston hukumati karantin choralarini yumshatishga qaror qilgan, mamlakat “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratilgan.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv