Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli koronavirus testlarining samaradorligini aniqlashga qaror qildi, deb yozadi Al Jazeera.

Foto: Al Jazeera

U laboratoriyaga nafaqat insonlar, balki hayvonlar va mevalardan olingan namunalarni ham yubordi.

Shu tariqa test echki va papayyada ham koronavirus borligini ko‘rsatgan.

Ushbu holatdan so‘ng Magufuli mamlakat Sog‘liqni saqlash milliy laboratoriyasi rahbarini ishdan bo‘shatgan.

“Biz jonivorlar, mevalar, yeguliklar, buyumlardan olingan namunalarni ham atayin insonniki sifatida ko‘rsatib laboratoriyaga jo‘natdik. Masalan, mashina moyini 30 yoshli Jabir Hamzaniki deb ko‘rsatgandik, javob salbiy chiqdi.

Daraxtdan olingan namunani 45 yoshli ayol Sara Samvelga tegishli deb yuborgandik, laboratoriya unda koronavirus bor-yo‘qligini aniqlay olmadi.

Papayyadan olingan namunani 26 yoshli Elizabet Enniki deb ko‘rsatgandik, unda koronavirus borligini ko‘rsatishdi. Hatto, echkidan olingan namunada ham koronavirus chiqdi”, — deydi Tanzaniya prezidenti.

U laboratoriyani jirkanch o‘yin qilayotganlikda aybladi. Laboratoriyaning ishdan olingan rahbariga nisbatan surishtiruv olib borilmoqda.

Jon Magufuli echki va papayyada koronavirusni aniqlagan test qaysi davlatda ishlab chiqarilganiga aniqlik kiritmagan.