Polshadagi Meystse-Odjansk shaharchasida 2010-yildan beri ilk marta o‘g‘il bola dunyoga keldi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: Getty Images

2019-yilning avgustida shahar meri Raymund Frishko o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan ota-onalarga mukofot va’da qilgan edi. Mukofot aynan nimadan iboratligi aytilmagan.

O‘shanda Frishko shaharchadagi ko‘chalardan birini uzoq kutilgan o‘g‘il bola ismi sharafiga nomlashni rejalashtirayotganini aytgandi. Intiqlik bilan kutilgan o‘g‘il bola 2-may kuni dunyoga keldi.

Shaharchada yashovchi Anna va Gjegoj Milek o‘g‘il farzandli bo‘ldi. Unga Bartek deb ism qo‘yilgan.

“Koronavirus pandemiyasini boshdan kechirayotgan paytimizda bu xushxabar bizni quvontirdi”, — deydi Frishko.

Merning aytishicha, o‘g‘il chaqaloqning dunyoga kelishi Meystse-Odjansk aholisida kelajakka umid uyg‘otgan. Shuningdek, u va’da qilingan mukofot karantindan keyin berilishini aytgan.