Amerikaning Albukerke shahrida yashovchi o‘smir bankomat yonidan 135 ming dollar topib oldi. Yigit ularni o‘zlashtirish o‘rniga politsiyaga qo‘ng‘iroq qildi, deb yozadi Esquire.

Foto: CNN

19 yoshli Xose Nunyes Romanis bobosiga paypoq sotib olmoqchi bo‘ldi. U yaqin o‘rtadagi do‘konlarda o‘ziga yoqadigan paypoq topa olmadi, shuning uchun pulini kartaga tashlab, onlayn do‘konlardan xaridni amalga oshirmoqchi bo‘ldi.

Yigit bankomat yonida ichida 50 va 20 dollarlik kupyuralar bo‘lgan shaffof paketni ko‘rib qoldi.

“Birinchi nima qilishni bilmadim, bu tushga o‘xshardi, shokka tushib qoldim”, — deydi Romanis.

Yigit pullarni o‘ziga qoldirish haqida umuman o‘ylamadi va politsiyaga qo‘ng‘iroq qildi. Shundan so‘ng ikki nafar politsiyachi yetib kelgan, yigit ularga pullarni topshirgan.

“Politsiyachilarni kutayotganimda ota-onamning gaplari esimga tushdi, ular har doim halol yo‘l bilan pul topishni nasihat qiladi”, — deydi Nunyes.

Ma’lum bo‘lishicha, pullarni bank xodimi bankomat yonida unutib qoldirgan.

“Agar u pullarni olganida uning hayoti o‘zgarib ketishi mumkin edi, biroq u bunday qilmadi va to‘g‘ri yo‘lni tanladi”, — deydi politsiyachilardan biri.

Nunyes kollejda o‘qiydi, u tergovchi bo‘lishni orzu qiladi. Uning aytishicha, o‘rtahol oilada yashagani uchun hech qachon buncha pulni ko‘rmagan.

Nunyesning ota-onasi 90-yillar oxirida AQShga ko‘chib kelgan. Ularning matras sotish bilan shug‘ullanuvchi kichik biznesi bor.

Foto: CNN

Nunyesning bu ishi e’tirof etilmasdan qolmadi. Uni politsiyaga yordamchi sifatida ishga olishdi. Radiostansiya unga futbolga bir nechta chipta sovg‘a qildi. Bir necha mahalliy muassasalar unga 500 va 200 dollarlik kuponlarni hadya qilgan.

“Onam to‘g‘ri yo‘l tutganim va men bilan faxrlanishini aytdi”, — deydi Nunyes.