Angliyaning Norfolk grafligi Norij shahrida shifokorlar turli kasalliklar aniqlangan 511 grammli chala tug‘ilgan chaqaloqni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Foto: Daily Mail

26 yoshli Tayla Meniar homiladorlikning 21-haftasida infeksiya yuqtirganlikda gumon qilinib kasalxonaga tushib qoladi.

Oradan bir necha kun o‘tib, 2019-yilning 9-dekabrida u 511 gramm vaznga ega qizcha — Lillini dunyoga keltirdi.

Chaqaloq shu zahotiyoq yangi tug‘ilganlar uchun intensiv terapiya bo‘limiga joylashtirildi. Qizcha u yerda yetti hafta qoldi, u o‘pkani sun’iy nafas oldirish uskunasiga ulab qo‘yildi.

Chaqaloqda uchta turdagi infeksiya, miyaga qon quyilishi, operatsiya qilish talab etiladigan ichak muammolari aniqlandi.

“Biz bir kun bilan yashardik. Har qanday kichik muvaffaqiyat uning sog‘ayayotganidan darak berardi. U ovozimni taniy boshladi. Palataga kirib, gapirsam u ko‘zini ochardi va menga jilmayib qo‘yardi”, — deydi chaqaloqning onasi.

Natijada shifokorlar chala tug‘ilgan qizchaning hayotini saqlab qoldi. 5-may kuni ona va bolaga uyga ruxsat berilgan.

“Bu haqiqiy mo‘jiza. U tug‘ilgani uyga birga qaytishimizga umid kam edi”, — deydi angliyalik ayol.