Turkmanistonning Ahal viloyatining Anau shahrida 7-may kuni uy hayvonlarini saqlash majmuasi (zoomehmonxona) va veterinariya klinikasi ochildi, deb xabar bermoqda “Xronika Turkmenistana”.

Foto: Turkmenportal

Ochilish marosimi sanoat va qurilish vaziri bo‘lgan, shuningdek, 1-may kuni “Turkman alabay itlari” assotsiatsiyasi raisi etib saylangan Serdar Berdimuhamedov ishtirokida bo‘lib o‘tgan.

Turkmanistonning TDH davlat axborot agentligining xabar berishicha, ushbu majmua uy hayvonlari: mushuklar, itlar, qushlarni saqlash uchun mo‘ljallangan, shuningdek, baliqlar uchun akvarium ham bor.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Qayd etilishicha, mehmonxona bir necha qismlarga bo‘lingan. Ulardan biri qushlar uchun, ikkinchisi esa mushuk va kuchuklar uchun. U yerda 32 ta “nomer” bo‘lib, ularning 20 tasi katta ikki xonali va 12 tasi nisbatan kichikroq. Shuningdek, kinolog xonasi, itlar sartaroshxonasi, yuvintirish, sayr qildirish xonalari va mashq qildirish maydonlari ham bor.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Mushuklarni saqlash uchun esa 8 ta ikki qavatli qutilar joylashgan xona ajratilgan.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Mehmonxona va klinikaning tantanali ochilish marosimidan keyin Turkmaniston prezidentining o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov “Turkman alabay itlari” assotsiatsiyasidan davlat rahbari nomidan turkman alabay zotli itlarni Ashxobod shahri va viloyatlarga, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi va chegara xizmatiga topshirgan.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Bunga javoban mamlakatning it boquvchilari nomidan davlat rahbariga minnatdorchilik bildirilib, alabay iti bolasi sovg‘a qilingan. Nashrning yozishicha, tadbirda ishtirok etmagan Berdimuhamedovdan unga laqab berish so‘ralgan. Prezident unga Polvon deya laqab qo‘ygan va unga atab she’r yozgan.

Shu kuni assotsiatsiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va unga mas’ul shaxslar tayinlanib, assotsiatsiya emblemasi tasdiqlangan.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Xabarda aytilishicha, prezident zoomehmonxonani qurishni 2019-yilning fevral oyida topshirgan. Unda ushbu mehmonxonaga o‘z turar joylarini o‘zgartirib, it yoki mushuklarni boqa olmaydigan, dam olish yoki xizmat safari yuzasidan chet elga ketib, uy hayvonlari qarovga muhtoj bo‘lgan odamlar murojaat etishi mumkinligi ta’kidlangan.