Dengiz suvida cho‘milish, shuningdek, basseynlar, SPA-salonlariga borish orqali koronavirus yuqtirib olish ehtimoli kam. “RIA Novosti”ning yozishicha, Ispaniyaning Ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha oliy kengashi (CSIC) shunday xulosalarni bildirgan. Tadqiqot natijalari tashkilot portalida e’lon qilingan.

Ta’kidlanishicha, dengiz suvida mavjud bo‘lgan tuz va eritish effektlari birgalikda virusni faolsizlantiradi. Basseynlar va SPA-salonlarda esa virusni yo‘q qiluvchi dezinfeksiyalash vositalaridan foydalaniladi. Bundan tashqari, sauna va hammomlarda havo harorati 60 darajadan yuqori bo‘ladi, bu ham virus o‘lishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Biroq daryolar, ko‘llar, chuchuk suvlar va tozalanmagan suv havzalarida virusning omon qolish ehtimoli yuqori bo‘ladi va shu sababli u yerlarga borganda ehtiyot choralarini ko‘rish lozim.

Olimlarning ta’kidlashicha, quruqlikda —  plyajda yoki suv havzalari sohilida koronavirus yuqtirish xavfi bo‘lishi mumkin. Ammo tadqiqot mualliflari dengiz suvlaridagi tuzning, quyosh ultrabinafsha nurlarining va qumni qizdiruvchi yuqori haroratning birgalikdagi ta’siri ham virusni o‘ldirishi mumkin, deb taxmin qilmoqda.

Koronavirus dunyoning deyarli barcha davlatlarida tarqalgan. Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 3,9 million kishidan, virus qurbonlari soni esa 274 898 kishini tashkil etmoqda.