O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi borasidagi muhokamalar anchadan buyon davom etmoqda. 10-aprel kuni hukumat a’zolari YeOII bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha deputatlarning savollariga javob qaytardi. 28-aprel kuni esa O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yakuniy qarori qabul qilindi. Deputatlar O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi maqomida qo‘shilishiga ovoz berdi.

Senatning to‘rtinchi yalpi majlisi 11-may kuni chaqiriladi. Unda, senatorlar boshqa masalalar qatorida O‘zbekiston Respublikasining Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqadi. Ushbu sana oldidan “Daryo” o‘quvchilarga mulohaza uchun material taqdim etadi. YeOII qanday tashkilot? Uning tarixi qanday? Ichki ixtiloflari bormi? U a’zolariga nima berdi va O‘zbekistonga nima bera oladi? Bu savollarga “Daryo” kolumnisti Jahongir Ergashev javob qidiradi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi 2014-yil 29-mayda tovarlar, xizmatlar, kapital hamda ishchi kuchining erkin harakatlanishi uchun va iqtisodiyotda o‘zaro muvofiqlashtirilgan yagona iqtisodiy maslaklarni amalga oshirish uchun xalqaro huquq subyekti tashkil etishga kelishib olgan va mazkur tashkilot 2015-yil 1-yanvardan boshlab faoliyat yuritib keladi.

Foto: Google Photos

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Armaniston, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida yuzaga keldi. Moldova Respublikasi 2018-yil 14-maydan buyon YeOII uchrashuvlarida kuzatuvchi maqomida ishtirok etib keladi.

Ayni paytda YeOII va Eron, Vyetnam, Singapur, Serbiya o‘rtasida erkin iqtisodiy hududlarni tashkil qilish bo‘yicha bir qator bitimlar imzolangan. YeOII a’zo mamlakatlari erkin iqtisodiy hudud tashkil etish maqsadida Xitoy, Kuba, Misr, Tailand, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Isroil bilan muzokaralar olib bormoqda.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti tashabbusi bilan yuzaga kelgan mazkur iqtisodiy hamkorlik bir qarashda Yevropa ittifoqidan nusxa ko‘chirayotgandek tuyulsa-da, prezident Putinning 2005-yil 25-aprelda Rossiya Dumasida xalqqa qilgan murojaatidagi quyidagi fikrlar diqqatga sazovor: “Sovet Ittifoqining parchalanib ketishi asrning eng ulkan geosiyosiy fojiadir”.

YeOII tashkil qilinishining ildizlari

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 1994-yilda YeOIIni tashkil qilish taklifi bilan chiqdi. 1995-2000-yillar davomida mazkur ittifoqni tashkil qilish uchun tayyorgarlik ko‘rildi, huquqiy asos tayyorlandi. 2000-yil 10-oktabr sanasida Ostona shahrida Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari tomonidan YeOII tuzish haqida bitim imzolandi. Bu bitim 2001-yil 30-maydan kuchga kirdi. Bitimga muvofiq yagona iqtisodiy makon va Bojxona ittifoqi to‘g‘risidagi kelishuvlar asosida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish yotadi.

Shuningdek, erishilgan bitimlarning amalga oshirilishi uchun tashkiliy huquqiy asoslari va a’zo mamlakatlarning ma’qullashi ham belgilab beriladi. 2001-yilning may oyida ittifoqning asosiy organlari – YeOII kengashi va YeOII integratsiya qo‘mitasi vazifalarini belgilab beruvchi muhim hujjatlar qabul qilindi. 2005-yil noyabr oyida YeOII moliyaviy iqtisodiy siyosati bo‘yicha kengash tuzildi. 2006-yil 24-yanvar oyida Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan kengashda O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishi haqida bitim imzolandi.

2006-yil iyun oyida Minsk shahrida o‘tkazilgan kengashda Yagona iqtisodiy makon doirasida ish olib borishga kelishildi. 2008-yilning oktabr oyida O‘zbekiston hukumati YeOIIning samaradorligi va muvofiqligi borasida shubha bildirib, undan chiqish haqida bayonot berdi. 2008-yil 12-noyabrda  YeOII O‘zbekistonning tashkilotga a’zoligini to‘xtatish borasida qaror qabul qildi. Bunga O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning iltimosi asos sifatida ko‘rsatildi.  Shu yilning 12-dekabr sanasida YeOII kengashida O‘zbekiston iltimosi rasman tasdiqlandi.

Foto: Google Photos

2009-yilda Bojxona ittifoqining ustida turuvchi Bojxona ittifoqi komissiyasi tashkil etildi. 2011-yilda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Yagona iqtisodiy makon rejasining amalga oshira boshlangani haqida bayonot beradi.

YeOII qanday tartibda ish ko‘radi?

YeOIIning bosh organi Davlatlararo kengash hisoblanadi. A’zo mamlakatlar o‘rtasidagi qaror kelishuv asosida qabul qilinishi belgilangan. YeOIIning doimiy faoliyat yurituvchi organi Integratsiya qo‘mitasidir. Mazkur qo‘mita yig‘inlari yiliga kamida 4 marta o‘tkazilishi belgilab olingan. Qo‘mita qarorlari a’zolarning uchdan ikki qismi tasdiqlagan holatdagina amaliyotga joriy etiladi. Tashkilotda a’zolarning ovozi to‘lov badallariga asoslangan holatda belgilanadi. Shundan Kelib chiqiladigan bo‘lsa, Rossiya – 40; Belarus – 15; Qozog‘iston – 15; Qirg‘iziston – 7,5, Armaniston – 7,5 ovozga ega.

Rossiya badallari ko‘pligi hisobga olinadigan bo‘lsa, Rossiya Federatsiyasining ovozlari hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ko‘rish mumkin. YeOII bosh kotibligini hozirda Toir Mansurov bajarib kelmoqda.  Shuningdek, YeOIIning parlamentlararo komissiyasi ham mavjud bo‘lib, Rossiyadan 42 nafar, Belarusdan 16, Qozog‘istondan 16, Qirg‘izistondan 8, Armanistondan 8 deputat tashkilotning mazkur komissiyasi tarkibiga kiritilgan. Kotibiyat bosh qarorgohi Sankt-Peterburg shahrida joylashgan.

Iqtisodiy masalalarni hal qilish, rivojlantirish maqsadida Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida maxsus bank ham ish olib boradi. YeOII tarkibida inqirozga qarshi kurash olib boradigan fond ham mavjud bo‘lib, uning maqsadi jahon iqtisodida yuz bergan inqirozni bartaraf qilish uchun ko‘mak berishdan iborat.

2012-yilda YeOII sudi ham faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur sud a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi nizolarni hal qilishni maqsad qiladi. Lekin qanday harakat qilishi tashkilotga a’zolik badallarini ko‘proq to‘layotgan mamlakatlar misolidan ham bilish mumkin.

YeOIIning muammolari

Ko‘pgina iqtisodchilar YeOIIning Yevropa ittifoqiga o‘xshab samarali ittifoqqa aylanishi borasida shubha bildirib keladi. Y.V. Shishkov bu tashkilotning integratsion rejalarini soxta hisoblaydi, chunki amalda integratsion hodisadan ko‘ra dezintegratsiyaga intilish kuchliroq. Bu tashkilot integratsiyasining soxtaligi, avvalo, tovar oqimining statistikasida namoyon bo‘ladi. Tovar ayirboshlash absolyut ifodaday ko‘rinsa-da, amalda bu nisbiy qisqarib kelmoqda.

Asl sabab esa raqobatbardoshlikning o‘ta past darajasida. Mahsulot importi bilan shug‘ullanuvchilar esa “o‘z yaqinlaridan” ko‘ra sifatli mahsulot ishlab chiqaruvchilarni afzal biladi. Bozor iqtisodiyoti esa mahalliy sifatsiz mahsulot ishlab chiqaruvchidan ko‘ra sifatli mahsulot ishlab chiqaruvchiga tomon yuzlanadi. Natijada, o‘z mahsulotlarini eksport qilishga umid qilayotgan ittifoqchilarning mahsulotlariga talabning kamayishiga olib kelmoqda. Xomashyo zaxiralarigina bundan mustasno.

Foto: Google Photos

Integratsiya sustlashuvining yana bir omili YeOII a’zo mamlakatlari iqtisodiyotidagi katta farq hisoblanadi. Birinchidan, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyoti barcha a’zo mamlakatlar iqtisodiyotini qo‘shganda ham ulkanligidir. Ikkinchidan, YeOII a’zo mamlakatlari iqtisodiy taraqqiyot darajasiga ko‘ra ham miqdor, ham sifat jihatidan turli taraqqiyot bosqichida. Markaziy Osiyo respublikalarida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki milliy mahsulot hajmi Rossiyanikidan ancha kam. Misol uchun, Qozog‘istonda – 25 foiz, Qirg‘izistonda – 70 foiz, Tojikistonda – 90 foiz darajada. Belarusda o‘rtacha ko‘rsatkichlar Rossiyaga yaqin bo‘lsa-da, iqtisodiyotning rejalashtirilishi bois Markaziy Osiyo respublikalaridagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori.

Gapning indallosini aytganda, YeOII haqidagi balandparvoz gaplar amaliyotga ham, reallikka ham to‘g‘ri kelmaydi. Mahalliy rahbarlar Rossiyaning shovinistik, imperiyachilik qarashlariga shubha bildiradi. Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev Rossiya oziq-ovqat mahsulotlariga 200 foizlik boj joriy qilgan bo‘lsa, Qirg‘iziston mazkur tashkilotga a’zolik ziyon ekanidan Butunjahon savdo tashkilotiga ham a’zo bo‘lib oldi. Bu misollar esa YeOIIning kelajagi mavhum ekanidan dalolat.

YeOII ichidagi nizolar va ixtiloflar

Belarus va Rossiya

YeOII mamlakatlari integratsiyani qay darajada kuchaytirishga intilmasin, a’zo mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlashni kamayib borayotganini kuzatish mumkin. Ekspertlar nazarida YeOII a’zo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlashning qisqarishiga asosiy sabab milliy valyutalar qadrining pasayib borayotgani. Ayrim sohalarni hisobga olmaganda, YeOII ichidagi o‘zaro nizolar ham mahsulot ayriboshlashining qisqarishiga sabab bo‘lmoqda.

Shunday nizolardan biri Rossiya va Belarus o‘rtasida gaz narxi borasida yuzaga kelgan mojaro. Rasmiy Minsk gaz bahosini Rossiya Federatsiyasi ichidagidek belgilanishini talab qilmoqda. Ikki mamlakat kelishuviga binoan esa gaz yetkazib berish borasidagi shartnomada dollar formulirovkasi belgilangan – qazib olishning narxiga qo‘shimcha tarzda yetkazib berish xarajatlari ham Belarus hisobiga yoziladi. Gaz narxining dollarga “bichilgan” qiymati ortidan Belarus hozirda Rossiya Federatsiyasidan 281 million AQSh dollari miqdoridagi qarzga ham botdi.

Mazkur holat rasmiy Minskning Rossiyaga qarshi o‘ziga xos boj urushi boshlashiga ham sabab bo‘ldi. Rasmiy Minsk Yevropa ittifoqiga tranzit qilinadigan energiya zaxiralari narxini oshirishni talab qilmoqda. Agarda Rossiya narxni oshiradigan bo‘lsa, Rossiya Yevropadagi hamkorlarini yo‘qotishi mumkin. Belarus xorijdan neft va gaz sotib olishni yo‘lga qo‘yar ekan, Rossiya va rasmiy Kreml o‘rtasidagi nizolar davom etib kelmoqda.

Qozog‘iston va Rossiya

Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan Rossiya hukumati tarafidan o‘rnatilgan cheklovlar YeOII o‘rtasidagi ixtiloflarning yana bir ko‘rinishidir. Ustiga ustak Rossiya YeOII kengashi komissiyasidan Qozog‘istonning Rossiyaga shakar va shakar mahsulotlari eksportini kamaytirishni so‘ramoqda. Qozog‘iston shakar eksportining YeOIIga a’zo mamlakatlari orasida shakar eksport hajmining ko‘payishi Rossiya shakar ishlab chiqarish sanoatiga katta zarar yetkazar ekan.

Foto: Google Photos

Qirg‘iziston va Rossiya

Qirg‘iziston YeOIIga beshinchi bo‘lib a’zo bo‘lgan mamlakatlardan biri. YeOIIga a’zolik davrida Qirg‘izistonning yalpi ichki mahsuloti ko‘paymadi. Aksincha, qirg‘izistonlik iqtisodchi olimlar hisob kitoblariga ko‘ra, mamlakatning YeOIIga a’zolik davrida mamlakat ancha yo‘qotishlarga “erishdi”.  YeOIIga a’zo bo‘lgan Qirg‘iziston hukumati o‘z oldiga qo‘ygan iqtisodiy kutilmalarga erisha olmadi. Mahsulotlar tannarxi ancha oshdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar kasodga uchradi.

Qirg‘iziston YeOIIga a’zo bo‘lar ekan, mehnat migrantlarining hamda yuklarning erkin harakatlanishiga yo‘l qo‘yiladi degan shartnoma bandlari amalda o‘z isbotini topmadi va YeOII tashkilotiga a’zo mamlakatlar chegarasida qirg‘iz tadbirkorlarining mahsulotlari 2017-yil kuzidan boshlab qo‘shni mamlakatlar chegara punktlarida to‘xtab qola boshladi. Natijada, qirg‘izistonlik tadbirkorlar yuklarning chegara punktlarida to‘xtab qolishi oqibatida millionlab zarar ko‘rdi. Aholining xarid qobiliyati o‘smadi, aksincha, Qirg‘iziston aholisi qashshoqlik jari tomon qulamoqda. Qirg‘iz so‘mining rublga nisbatan inflyatsiyasi saqlanib qolmoqda.

Qirg‘izistonning davlat qarzi esa o‘sishda davom etar ekan, 2020-yilga kelib bu qarz 4 milliard dollardan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Qarzdorlik foizlari esa o‘sishda davom etmoqda.

Armaniston va Rossiya

Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyan bir necha bor qilgan ma’ruzalarida YeOIIning, xususan, Rossiyaning Armanistonga bosim o‘tkazganini iddao qildi. Bu, avvalo, energiya zaxiralarining Armanistonga yetkazib berilishi borasidagi narxlar haqida gap ketganda yuzaga chiqdi.  Energiya ta’minotining  Rossiyadan importi 80 foizni tashkil qilayotgan Armanistonda mamlakat rahbari Vladimir Putin bilan bir necha marotaba gaz narxi borasida muzokara o‘tkazgan. Shunga qaramasdan Armaniston Rossiyadan sotib oladigan gaz haqi ming kubometr uchun 150 AQSh dollaridan 165 AQSh dollarigacha ko‘tarilgan.

Buning zamirida esa Armaniston hukumatining tergov surishtiruv ishlari jarayonida Rossiya gaz konserni qoshida tashkil etilgan arman gazprom sanoati ulkan tovlamachilikka yo‘l qo‘ygani, yirik miqdordagi pullarni o‘zlashtirganlikda ayblandi. YeOIIga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi bitimga muvofiq a’zo mamlakatlarning qarzi mamlakatlarning milliy daromadi 50 foizidan oshmasligi kerak. Ustiga ustak Xitoy mahsulotlarining reeksporti ham koronavirus sharoitida qisqarib ketdi. Qolaversa, Qozog‘iston Qirg‘izistondan ayrim mahsulotlar eksportini cheklab qo‘ydi. Natijada qirg‘izistonlik o‘rta tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar Rossiya va Qozog‘istonda keskin raqobatga uchramoqda.

Armaniston hukumati ham o‘z navbatida bir tarafdan Yevropa ittifoqi va ikkinchi tarafdan YeOII a’zolaridan manfaatli bo‘lishga intilmoqda. Armaniston uchun YeOII a’zo mamlakatlaridan arzon narxdagi gazni qo‘lga kiritish imkoni paydo bo‘ladi. Bu esa kelgusida populist arman siyosatchilarining “biz xalqni arzon yoqilg‘i bilan ta’minlayapmiz” degan iddaolarini yuzaga chiqaradi. Nima bo‘lganda ham bu arman siyosatchilarining yoqilg‘i energetika sohasidagi tranzit mamlakat sifatidagi ahamiyatini kamaytirmaydi. Qolaversa, Armaniston Rossiya uchun o‘z gaz, neft sanoatini Armaniston orqali Yaqin Sharqqa yuborish imkonini beradi. Armaniston sabab Rossiya—Eron munosabatlari yanada mustahkamlanishi mumkin.

* * *

O‘zbekiston Respublikasining sobiq rahbari Islom Karimov 2014-yilda Rossiya, Qozog‘iston, Belarus o‘rtasida imzolangan YeOIIni siyosiy mustaqillikning barham topishiga tenglashtirgan va ushbu tashkilot kelajagiga shubha bilan qaragan. Bugun o‘zbek parlamenti va rusiyzabon nashrlari YeOIIga a’zo bolish uchun garchi kuzatuvchi maqomida bo‘lsa-da, O‘zbekistonning kelajakdagi istiqboli haqida ko‘proq qayg‘urishlariga to‘g‘ri keladi.

Foto: Google Photos

YeOII shaffof siyosiy tuzilma bo‘lish istagida ekan, mazkur tashkilotga a’zo davlatlar o‘z mamlakatlarining manfaatlari va qo‘shni mamlakatlarning manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish yuritishlari tashkilot kelajagi uchun foydali. Ammo neft narxining keskin tushib ketishi jarayonida COVID-19 pandemiyasi vaziyatida YeOII o‘rtasida ishonchga asoslangan har qanday umid va taxminlar puch xayol bo‘lib qolaveradi, sababi YeOII mintaqasida  Rossiya iqtisodiy jihatdan o‘tmishdagi bozorlarni egallashga har qachongidan ham tayyor.

O‘zbekiston va YeOII haqida gap ketadigan bo‘lsa, shuni aytish joizki, YeOII tuzilmasi faqat Rossiya manfaatlari asosiga qurilganini, O‘zbekiston mazkur tashkilotga a’zo bo‘lib kiradigan taqdirda ham ko‘p narsa yutmasligini (o‘zbek migrantlariga beriladigan patent miqdorining pasayishi yoki bekor qilinishi) uqtirish kifoya.

O‘zbekiston iqtisodiyoti, ayniqsa, aholisi mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishidan ko‘proq foyda ko‘rgan bo‘ladi. Shaffof, erkin iqtisodiyotda barcha YeOIIga a’zolikdan ko‘proq manfaat oladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.