Mana may oyining birinchi dekadasi ham o‘z nihoyasiga yetmoqda. “Daryo” may oyining ilk haftasida dunyoda yuz bergan muhim voqealar tahlilini diqqatingizga havola etadi.

Tirilgan Kim?!

Aprel oyining oxiriga kelib “olib qolgan” Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In may oyida “tirilib” keldi. Gap shundagi aprel oyining oxirgi kunlarida uning jamoatchilikka uzoq vaqtdan buyon ko‘rinish bermagani turli gap so‘zlarni keltirib chiqargan edi. Hatto uni o‘ldiga chiqargan yetakchi OAVlar ham bo‘ldi. Ammo may oyi boshida u jamoatchilik oldida ko‘rinish bergan. Shimoliy Koreyada hukmron Mehnat partiyasining matbuot organi bo‘lgan Rodong Sinmun gazetasi KXDR rahbari Kim Chen Inning o‘g‘it zavodi ochilishida tushgan fotosuratlarini e’lon qildi.

Foto: Yonhap

Kim Chen In suratlarini KXDR Markaziy telegraf agentligi ham e’lon qildi. U tirik bo‘lsa, shu paytgacha qayerda edi? Bunga Janubiy Koreya razvedka ma’lumotlari asosida javob berishga harakat qilib ko‘ramiz. Janubiy Koreya Davlat razvedka xizmatining taxminiga ko‘ra, KXDR yetakchisi Kim Chen In ichki ishlarni tartibga solish zaruriyati, shuningdek, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab uzoq vaqt ommaviy tadbirlarda ko‘rinish bermagan. “Razvedkaning hisoblashicha, Kim Chen In ichki kadrlar almashinuviga bor diqqatini qaratib, partiya-davlat hamda harbiy qudratni mustahkamlash borasida yig‘ilishlar o‘tkazgan.

Vaziyat koronavirus infeksiyasi tarqalgan vaqtga to‘g‘ri kelib qolgani sabab ommaviy faollik jiddiy qisqartirilgan”, — deydi parlamentning razvedka qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kim Byon Gi. Shuningdek, Kim yil boshidan buyon 17 marta jamoatchilikka ko‘rinish bergan. Bu esa uning hokimiyatga kelganidan buyon eng past ko‘rsatgichi hisoblanadi. “Razvedkaning taxminiga ko‘ra, yurakka oid jarrohlik amaliyotlari yoki operatsiya o‘tkazilmagan. Mutaxassislarning fikricha, gap yurakka bog‘liq muammolar haqida ketganida, jarayon bunchalik oson kechmas edi, Shimoliy Koreya yetakchisining sog‘lig‘ini 4-5 hafta nazorat qilish kerak bo‘lardi. Kim Chen In jamoatchilikka ko‘rinish bermagan bo‘lsa ham davlat ishlari bilan odatdagi rejimda shug‘ullanishni davom etgan”, — deydi Kim Byon Gi.

Shunday qilib, Shimoliy Koreya liderining “o‘limi” bilan bog‘liq shov-shuvlarga barham berildi.

Yelbasining qizi ishdan olindi

Bu hafta qo‘shnilarda ham kadrlar masalasida jiddiy o‘zgarish yuz berdi. Mamlakatning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi Darig‘a Nazarboyeva yangi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan senat raisi lavozimidan olindi va uning senatorlik vakolati tugatildi. Aytilishicha, bu haqidagi tegishli farmon 2-aprel kuni prezident tomonidan imzolangan. Ammo rasmiy axborotlarda uning ishdan olinishi sabablari oshkor etilmagan. Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti Markaziy Osiyo va Afg‘oniston masalalari tadqiqoti markazi direktori Andrey Kazansev fikriga ko‘ra, u Qozog‘iston prezidentligiga da’vo qilishi mumkin bo‘lgan.

Foto: Google Photos

Bu haqidagi taxminlarini ekspert 2019-yilda Nazarboyevaning Senat spikeri etib tayinlaganida aytib o‘tgan edi. “Ya’ni bir tomondan O‘zbekistonda Gulnora Karimova bilan bog‘liq vaziyat hammaga ma’lum. Albatta, Nazarboyev bunday hol uning oilasida ham takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun Darig‘aning ushbu lavozimga saylangani Nazarboyevlar oilasi bilan hammasi yaxshi bo‘lishini kafolatlaydi”, — degan edi o‘shanda Kazansev. Lekin uning so‘zlariga ko‘ra, bu Nazarboyevaning keyingi siyosiy o‘sishiga to‘siq bo‘lmaydi.

“Darig‘a Qozog‘istondagi eng tajribali siyosatchilardan biri. Uning o‘sishiga imkon bor, shuningdek, otasining ta’siri ham. Hozir hamma narsa bo‘lishi mumkin”, — qo‘shib qo‘yadi u. U kelajakda Qozog‘iston prezidenti bo‘lishi mumkinmi, degan savolga siyosatshunos “Menimcha, ha. Lekin voqealar rivojini kuzatish kerak. Saylov kampaniyalari boshlangach, hammasi aniq bo‘ladi. Lekin ekspertlarning taxminiy ro‘yxatida Darig‘a yo‘q. Shuning uchun buni hozirdan muhokama qilmagan ma’qul”, — deb javob bergan edi.

Qozog‘istonning oldida hali uzoq o‘tish davri turibdi. “Nima bo‘lganda ham Qozog‘istonning keyingi prezidenti Nazarboyevning siyosatini olib boradi. U xoh To‘qayev, xoh Darig‘a bo‘lsin,” — degan edi ekspert. Kazansevning taxminlari qanchalik o‘zini oqlaganini hozir aytib bo‘lmaydi. Chunki Nazarboyevaning ishdan olingandan keyingi taqdiri hamon noma’lumligicha qolmoqda.

O‘tgan yili Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z xohishiga binoan lavozimini tark etgan, uning o‘rniga vaqtinchalik prezident etib Senat spikeri Qosim-Jo‘mart To‘qayev tayinlangan edi. Mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida esa To‘qayev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va mamlakatning ikkinchi prezidenti etib saylandi.

8-may – Germaniya kapitulyatsiyasi kuni

Bundan 75 yil avval 8-may kuni Ikkinchi jahon urushiga mantiqan yakun yasagan shartnoma imzolandi. Unda Germaniya fashistlari so‘zsiz taslim bo‘lganlik haqida imzo chekkan edi. Shu tariqa insoniyat boshiga og‘ir kulfatlarni solgan natsizm g‘oyasi mag‘lub etildi. Shu sana munosabati bilan 8-may kuni bir qator Yevropa davlatlarida turli namoyishlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo mavjud pandemik vaziyat tufayli ular birmuncha cheklangan shaklda amalga oshirildi. Jumladan, urushdan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlardan biri Fransiyada prezident ishtirokida cheklangan odamlar hamrohligida urush qurbonlarini xotirlash marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Berlin jangi. 1945-yil.

Foto: Google Photos

Unda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron dastlab Sharl de Gol haykali poyiga, keyin esa noma’lum askar monumentiga gulchambar qo‘ydi. Bayram tadbirlari ommaviy nishonlamadi. Shuningdek, harbiy paradlar ham tashkil etilmadi. Departament va shaharlar merlari ham urush qurbonlariga atab bunyod etilgan markaziy monumentlarga gulchambar qo‘yish bilan cheklandi. Tadbirda davlatning bir qator yuqori lavozimli kishilar bilan bir qatorda Fransiyaning ikki sobiq prezidentlari Nikola Sarkozi va Fransua Ollandlar ham ishtirok etdi.

Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba Rossiya hamda boshqa post-sovet davlatlarda katta tantanalar bilan nishonlanishi odatiy holga aylanib qolgan va bu 9-may sanasida bo‘lib o‘tadi. Sababi Germaniya mag‘lub bo‘lgani haqidagi hujjat 8-maydan 9-mayga o‘tar kechasi Berlinda imzolangan. Berlin vaqti bilan 8-mayga, Rossiya vaqti bilan esa 9-mayga to‘g‘ri kelgani uchun ham avvaliga Sobiq Ittifoqda, hozir Rossiya va boshqa post-sovet davlatlarida aynan 9-mayda nishonlanadi.

Rossiya bu yilgi tantanalarga o‘zgacha katta tayyorgarlik qilayotgan edi. G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda bir qator yetakchi davlatlar rahbarlari ham taklif etilgandi. Bu Vladimir Putinga Rossiyaning geopolitik mavqeyining tiklanishini namoyish etish uchun o‘ziga xos bir imkoniyat edi. Ammo butun dunyoda bo‘lib turgan pandemik vaziyat bunga imkon bermadi va 9-may tadbirlari bir muncha soddaroq tashkil etildi. Marosimda nutq so‘zlagan Vladimir Putin urush veteranlarini bayram bilan tabrikladi.

Koronaxabarlar

Ushbu haftada dunyoning ba’zi qismida o‘rnatilgan izolyatsiya rejimi yengillashtirilishi boshlangan bo‘lsa, boshqa qismida vaziyat hamon og‘irligicha qolmoqda. Jumladan, AQShda koronavirus kasalligini yuqtirib olganlar soni 1,2 million kishidan oshib ketdi. Mazkur davlatda kasallikdan vafot etganlar esa 75 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda. Bu borada AQSh mutlaq yetakchilik qilmoqda.

Janubiy Amerika davlatlari orasida  Braziliya yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda bu hafta kasallanganlar soni rekord darajaga oshib, sutkalik ko‘rsatgich 10 ming kishidan oshgan. Braziliyada kasallanganlar soni 120 ming kishidan ortiqni tashkil qilmoqda va 9 mingga yaqin kishi vafot etdi.

Foto: Google Photos

Yervopaning ko‘pgina davlatlari izolyatsiyadan bosqichma-bosqich chiqishni allaqachon boshlab yubordi. Ammo Buyuk Britaniyadagi holat hamon og‘irligicha qolmoqda. Bu haftada Buyuk Britaniya kasallikdan vafot etganlar soni bo‘yicha Yevropada birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Mamlakatda 33 mingga yaqin kishi mazkur kasallikdan vafot etdi.  Undan keyingi o‘rinda esa karantin talablari yumshatilayotgan Italiya bormoqda. Italiyada kasallikdan vafot etganlar soni 30 mingga yaqinni tashkil qiladi. Fransiya ham ushbu hafta karantin cheklovlarini ancha yumshatib, bir nechta maktablarda ta’lim jarayoni qayta tiklandi. Mamlakat karantindan chiqishning birinchi bosqichini 11-maydan boshlaydi.

Koronavirus butunlay tugatilgan deb e’lon qilgan Yevropa mamlakati hozircha Islandiya bo‘lmoqda. Hukumat 6-may kuni mamlakatda kasallik bog‘liq holatlarning 97 foizi tuzalganini ma’lum qilgan. “Islandiyada COVID-19 uchun test natijasi ijobiy chiqqan 1 799 kishidan 1 750 nafari virusdan xalos bo‘ldi. Afsuski, kasallik o‘nlab kishilar umriga zomin bo‘ldi”, — deyiladi hukumat bayonotida. Qayd etilishicha, ayni paytda mamlakatda kasallangan 39 kishi qolgan, ularning 3 nafari kasalxonada, lekin ularning sog‘lig‘iga jiddiy xavf yo‘q. Mamlakatda 4-maydan boshlab 16-martda joriy etilgan cheklov choralarini bekor qilish boshlandi.

Shuningdek, bir qator davlatlar o‘z chegaralarini ochishni ham rejalashtirayotganini e’lon qildi. Latviya, Litva va Estoniya hukumatlari 15-maydan ichki chegaralarni ochish borasida kelishib oldi. Bu haqda Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh Twitter’da ma’lum qilgan.

2020-yil 6-may holatiga ko‘ra, Latviyada 900 nafar odamda koronavirus qayd etilgan, 464 nafar bemor virusdan tuzalgan, 17 kishi kasallik oqibatida vafot etgan. Litvada COVID-19 epidemiyasi boshlanganidan beri 1 428 nafar kishi kasallikka chalinib, 718 nafar bemor undan tuzalgan, 48 nafar fuqaro koronavirus oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Estoniyada esa 1 713 kishida koronavirus borligi aniqlangan, 264 nafar bemor infeksiyadan forig‘ bo‘lgan va 55 ta o‘lim holati kuzatilgan. Polshada esa 10-may kuni o‘tishi kerak bo‘lgan prezidentlik saylovlari pandemiya tufayli bekor qilindi. Bu haqda mamlakatdagi hukumron partiya — “Qonun va adolat” yetakchisi Yaroslav Kachinskiy hamda uning koalitsiya bo‘yicha hamkori, “Kelishuv” partiyasi yetakchisi Yaroslav Govinga tayanib, Polsha matbuot agentligi xabar berdi.

MDH orasida Rossiyadagi vaziyat xavotirli tus olmoqda. Bu haftada Rossiyada kasallik yuqtirib olganlar soni 200 ming kishiga yaqinlashgani ma’lum qilindi. Ammo o‘lim holati kasallanganlar soniga nisbatan ancha pastligicha qolmoqda. Mamlakat 12-maydan boshlab barcha sanoat korxonalarini qaytadan ishga tushirishni mo‘ljallayapti.

O‘tgan hafta yuz bergan koronavirus bilan bog‘liq yana bir xabar e’tiborga molik. 2-may kuni AQShda koronavirus ustida tadqiqot olib borayotgan xitoylik olim, Pittsburg universiteti tadqiqotchisi Bin Lyu o‘z kvartirasida o‘lik holda topilgan. Olim koronavirus pandemiyasiga sabab bo‘lgan infeksiya haqida muhim kashfiyot qilishga yaqin turgandi. Bu haqda CNN xabar qilgan. Tergovchilar Lyuni tanishi otgani va qotillikdan keyin uydan chiqib, mashinasiga o‘tirib o‘z joniga suiqasd qilgan deb hisoblamoqda.