Ivanov nomidagi ilmiy tadqiqot instituti professori Mixail Shelkanov “Govorit Moskva” radiosiga bergan intervyusida kunlar isishi bilan Rossiyada COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni ortib ketishi mumkinligini taxmin qildi.

Foto: “Moskva”

“Vaziyat tushunarli, chunki o‘tkir respirator kasalliklarni keltirib chiqaruvchi viruslar tabiiyki havo haroratiga bog‘lanib qolmagan. Bunda kasalliklarga chalingan odamlarning xatti-harakatlari o‘zgaradi”, — deydi virusolog.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kunlar ilishi bilan uyda o‘tirishdan zerikkan odamlarning aksariyati ko‘proq ko‘chaga chiqishga intiladi va bu kasallanganlar sonining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.

“Bunda epidemiologik nuqtayi nazardan hammasi tushunarli. Afsuski, doim shunday bo‘lgan va keyin ham odamlarning ushbu odati o‘zgarmasa kerak”, — degan olim.

7-may kuni rossiyalik boshqa bir virusolog, tibbiyot fanlari doktori Anatoliy Altshteyn ushbu fikrga qarama-qarshi mulohazani bildirgandi. U issiq ob-havoda koronavirusning yuqishi va tarqalishi sekinlashishini aytgan.

“Katta ehtimol bilan yuqori harorat va yoz faslining kelishi — virusga aks ta’sir ko‘rsatadi. Bu issiqlik va quyosh nuri odamlar ichidagi virusni yo‘q qilib yuboradi, degani emas. Yozda odamlarning immuniteti mustahkamroq bo‘ladi, qishdagi kabi binolar ichida diqqatni jamlab yurishga hojat qolmaydi. Biz yozda epidemiyaning susayishiga umid qilyapmiz”, — degan Altshteyn.

Avval Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi va “Rospotrebnadzor” issiq havo va quyosh nurlari koronavirusning tarqalishini sekinlashtirishini ma’lum qilgandi. RF sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko esa quyosh koronavirus tarqalishiga to‘sqinlik qilishini bildirgan, biroq bugungi kunda iqlim omillari virusga qarshi kurashda foyda berishi mumkinligi hali o‘z isbotini topmaganini qayd etgandi.

“Rospotrebnadzor” vakillari esa issiq havo va quyosh nurlari COVID-19 kasalligiga sabab bo‘luvchi SARS-CoV-2 virusining faolligini kamaytirishini ma’lum qilgan.

“SARS-CoV-2 koronavirusi 30 daraja issiqlikda o‘zining infeksion faolligini kamaytiradi”, — deyilgan tashkilotning bayonotida. Shuningdek, ma’lumotda koronavirus 70 daraja issiqlikda faolligini butkul yo‘qotishi aytilgan.