2020-yilning 11-mayidan 24-mayiga qadar O‘zbekiston fuqarolarini xorijdan olib kelish bo‘yicha 12 ta charter reys amalga oshiriladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov ishtirokida 12-may, seshanba kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Foto: “Daryo”

Charter reyslari quyidagi kunlarga rejalashtirilgan:

13-may. Toshkent—Istanbul—Toshkent, soat 07:40

14-may. Toshkent—Sankt-Peterburg—Toshkent, 08:35

15-may. Toshkent—Dehli—Toshkent, 12:00

16-may. Toshkent—Rostov-Don—Toshkent, 11:00

17-may. Toshkent—Qozon—Toshkent, 11:00

18-may. Toshkent—Moskva—Toshkent, 07:20

19-may. Toshkent—Sankt-Peterburg—Toshkent, 08:35

20-may. Toshkent—Moskva—Toshkent, 07:20

21-may. Toshkent—Istanbul—Toshkent, 07:40

22-may. Toshkent—London—Toshkent, 14:00

23-may. Toshkent—Novosibirsk—Toshkent, 13:00

24-may. Toshkent—Sharja—Toshkent, 11:00.

Amalga oshiriladigan parvozlarga diplomatik vakolatxonalar hamda konsullik muassasalar tomonidan fuqarolar ro‘yxatga olinadi hamda Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga taqdim etiladi va fuqarolar ushbu ro‘yxat asosida havo kemasi bortiga kiritiladi.

Chiptalarni fuqarolar parvozdan 4 soat oldin xorijiy mamlakatlarning xalqaro aeroportlaridagi Uzbekistan Airways aviakompaniyasining kassalaridan olishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonga qaytgan barcha fuqarolar 14 kundan kam bo‘lmagan muddatga karantin markaziga joylashtiriladi.

Avvalroq Belarusdan 150 nafar o‘zbekistonlik charter reys orqali Toshkentga olib kelingani haqida xabar berilgandi. 8—11-may kunlari Belarus, BAA, Hindiston va Janubiy Koreyadan 800 nafar o‘zbekistonlik charter reyslar bilan vatanga qaytarildi.