AQShda Nirvana guruhining marhum yetakchisi Kurt Kobeynning gitarasi auksionga qo‘yildi. Martin D-18E gitarasining boshlang‘ich narxi bir million dollarni tashkil etmoqda, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Foto: Posta-magazine

“Julien’s Auctions Kurt Kobeyn Nyu-Yorkdagi konsertida foydalangan, 1959-yilda ishlab chiqarilgan Martin D-18E gitarasini taqdim etishdan mamnun. Bu bizning auksionimizdagi eng ahamiyatli lotlardan biri hisoblanadi”, — deyiladi auksion uyi saytida.

Auksion 19—20-iyun kunlari Beverli-Hillzda bo‘lib o‘tadi.

Bu Kobeynga tegishli buyumlarning birinchi marta auksionga qo‘yilishi emas. O‘tgan yilning oktabr oyida san’atkorning yashil rangdagi kardigani auksionda 334 ming dollarga sotilgan edi.

Shuningdek, 1993-yilda Kobeyn uchun maxsus ishlab chiqarilgan gitara ham auksionda 340 ming dollarga sotilgan.

1994-yilda 27 yoshli Kobeyn o‘z joniga qasd qilgan.