Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov koronavirusga chalingan va u ayni paytda kasalxonada davolanmoqda. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: “Interfaks”

Ta’kidlanishicha, Dmitriy Peskovning kasallangani haqida uning o‘zi “RIA Novosti” va “Interfaks”ga ma’lum qilgan.

Xabar berilishicha, Peskov so‘nggi marta omma oldida 30-aprel kuni Vladimir Putin raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rinish bergan. Peskovning ma’lum qilishicha, u Putin bilan oxirgi marta bir oy oldin bevosita aloqada bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Dmitriy Peskovning rafiqasi Tatyana Navka ham koronavirusga chalingan va ayni paytda kasalxonada davolanmoqda.

Aprel oyining boshida Dmitriy Peskov virus blokatoridan foydalana boshlagandi va buning sababini tushuntirgandi hamda bu qurilmaning foydasi bor yoki yo‘qligini bilmasligini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya hukumatining to‘rt nafari a’zosi ham koronavirusga chalingan. O‘zining koronavirusga chalingani haqida birinchi bo‘lib 30-aprel kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin ma’lum qilgandi. U kasalxonaga yotqizilgach, hukumat rahbari vakolatlari bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Andrey Belousovga yuklatilgan. 1-may kuni esa Rossiya qurilish vaziri Vladimir Yakushev va uning o‘rinbosari Dmitriy Volkovning koronavirusga chalingani ma’lum bo‘lgandi. 6-may kuni esa Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimovaning koronavirusga chalingani ma’lum qilindi.