Afg‘onistonda jangarilar tug‘ruqxonaga qurolli hujum uyushtirishi oqibatida kamida 16 nafar odam halok bo‘ldi, qurbonlar orasida onalar va bolalar ham bor. Bu haqda Reuters xabar bergan.

Foto: DW

Xabarga ko‘ra, tibbiyot muassasasida avvaliga portlash yuz bergan, shundan keyin terrorchilar ichkariga bostirib kirgan va odamlarni o‘qqa tutgan. Poytaxt Kobul shahrining g‘arbiy qismida joylashgan binoda kamida 16 kishining, jumladan, ikki nafar chaqaloqning halok bo‘lgani aytilmoqda, yana 15 nafar odam turli darajada yaralangan.

Mamlakat Ichki ishlar vazirligining xabariga ko‘ra xudkush terrorchilar harbiy kiyimda bo‘lgan va ularning hammasi yo‘q qilingan. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani kuchishlatar tizimlarga terrorchilarga tezkor javob hujumi uyushtirishni buyurgan. Afg‘onistonning birinchi vitse-prezidenti Amrillo Solih ham ushbu hujum ortida “Tolibon” harakati va ularning ittifoqchilari turganini qayd etgan. Biroq harakat vakillari hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan.

Avval Afg‘oniston politsiyasi rahbari Hoji Shayh Ikromning janozasida portlash yuz bergani xabar qilingan. Portlash mamlakat sharqidagi Nangarxar viloyatida sodir bo‘lgan. Terakt oqibatida 17 kishi halok bo‘lgan va 30 kishi turli tan jarohatlari olgandi.

Fevral oxirida AQSh hamda “Tolibon” harakati uzoq davom etgan muzokaralardan keyin hududda o‘t ochmaslik haqida kelishib olgan va Afg‘oniston hukumati bilan ham bu borada muzokara olib borilishi ma’lum qilingandi. Kelishuvning asosiy shartlariga ko‘ra ikki tomon asirlar almashinuvini amalga oshirmoqda.

Kelishuv imzolangach, Kobul qamoqxonalardagi “Tolibon” harakati a’zolarini ozod qilish boshlangan. 2-mayda Pul-e Charxi qamog‘idan tashkilotning 100 ga yaqin a’zosi ozodlikka chiqarilgandi.