AQShning bir guruh senatorlari Senatga koronavirus tufayli Xitoyga qarshi sanksiyalar nazarda tutilgan qonun loyihasini taqdim etdi. “RBK”ning xabar berishicha, bu haqda senator Lindsi Grem o‘zining saytida ma’lum qildi. Qayd etilishicha, Xitoyga qarshi cheklov choralari Pekin koronavirus pandemiyasini keltirib chiqargan voqealar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot bermasa joriy etiladi.

Foto: Reuters

“Ishonchim komilki, Xitoy kommunistik partiyasi yolg‘onisiz virus AQShda tarqalmagan bo‘lardi”, — degan Grem. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tekshiruv o‘tkazish niyatida bo‘lgan xalqaro ekspertlarni koronavirus tarqalishi boshlangan Uxan laboratoriyasiga kiritishdan bosh tortdi. “Ishonchim komilki, Xitoy uni majbur qilishmaguncha hech qachon jiddiy tekshiruvlar doirasida hamkorlik qilmaydi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Lindsi Gremni yana 8 nafar senator qo‘llab-quvvatlagan. Ulardan biri, Tom Tillis Xitoyning harakatini tarixda eng yirik sukut saqlashlardan biri deb atab, mamlakatni butun dunyoni aldaganlikda aybladi.

Qonun loyihasi matniga ko‘ra, Xitoy 2 oy davomida quyidagilar haqida kongressga tasdiqlashi kerak:

  • AQSh, uning ittifoqchi davlatlari yoki BMT tomonidan tayinlangan, masalan, JSST tomonidan tekshiriv ishlarini olib borayotgan organlarga hisobotni taqdim etganligi;
  • odamlar kasallanishiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan yirtqich hayvonlar sotiluvchi barcha bozorlarni yopgani;
  • koronavirus tarqalganidan so‘ng hibsga olingan barcha gonkonglik faollarni ozod qilgani.

Ular taqdim etilmaydigan bo‘lsa, AQSh prezidenti sanksiyalarni joriy etishni boshlaydi. Sanksiyalar aktivlarni muzlatish, mamlakat hududiga kirishni taqiqlash, vizalarni bekor qilish, AQSh moliyaviy tashkilotlari tomonidan Xitoy korxonalariga kreditlar berishni bekor qilish kabilarni o‘z ichiga olishi mumkin.

Xitoy koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri bir necha marta AQSh hukumati tomonidan keskin tanqid qilindi. Mart oyida Tramp Pekinni COVID-19 tarqalishi haqida butun dunyoni vaqtida xabardor qilmaganlikda ayblagan. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra ayrim mamlakatlarning hukumatlari bu haqda avvalroq boxabar bo‘lganidan vaziyat bu qadar og‘ir bo‘lmasligi mumkin edi.

Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 4 million kishidan oshib ketdi.