Buxoro viloyati Romitan tumani yaqinidagi Varaxsha cho‘lida 12-may kuni traktor tirkamasining ag‘darilib ketishi oqibatida bir-biriga qarindosh bo‘lgan uch ayol vafot etdi. Bu haqda “Daryo”ga Romitan tumanidagi “Bog‘iturkon” MFY raisi Qobil Kamolov ma’lum qildi.

Foto: Buxoro viloyati IIB

“Bog‘iturkon” MFY Saroy qishlog‘i fuqarosi, 45 yoshli Ol.I. 12-may kuni tong saharda o‘z boshqaruvida bo‘lgan “MTZ-80” rusumli traktorida turmush o‘rtog‘i F.J., singlisi Oy.I. hamda kelini Sh.P.lar bilan ipak qurtining pilla tugishida uni bostirish uchun Romitan tumani hududidagi Varaxsha cho‘liga shirpa va singron quruq hashaklarini yig‘ish maqsadida jo‘nagan. Ol.I. uch ayol bilan birga hashaklarni traktor tirkamasiga yuklagan. Traktor haydovchisi bortida bir nafardan ortiq odamning sig‘masligi bois, uch ayol hashak ortilgan tirkama ustiga o‘tirib joylashgan.

Foto: Buxoro viloyati IIB

“12-may kuni soat 13:10 larda fuqaro Ol.I. o‘z boshqaruvidagi traktori bilan tumandagi ‘Normurod Niyoz’ fermer xo‘jaligi dala hududidan o‘tgan zovur yo‘lidan harakatlanib kelayotgan vaqtda yo‘l loyligi sababli traktor tirkamasi sirpanib ag‘darilib ketgan. Oqibatda tirkama ustida bo‘lgan 34 yoshli Oy.I. hamda 33 yoshli Sh.P. voqea joyida vafot etgan. 38 yoshli F.J. esa tan jarohati bilan tuman kasalxonasiga yotqizilgan”, — dedi “Daryo”ga Buxoro viloyat IIB axborot xizmati rahbari Quvvat Yarashov.

Foto: YHXBB

“Bog‘iturkon” MFY raisi Qobil Kamolovga ko‘ra, kasalxonaga yotqizilgan uchinchi ayol F.J. 13-may kuni vafot etgan.

“Afsuski, traktorchi hamqishlog‘imizning turmush o‘rtog‘i ham kasalxonada jon berdi. Tirikchilik g‘ami bir-biriga qarindosh va yaqin bo‘lgan uch ayolning bevaqt dunyodan ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi. Har birining ikki-uch nafardan farzandi bor. Aksiga olib, Oy.I. hamda Sh.P.ning turmush o‘rtoqlari karantin sababli Rossiyadan qaytolmagan. Tuman hokimligi ko‘magi bilan ta’ziya amallari o‘tkazilmoqda”, — dedi mahalla raisi.

Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi, 3-qismi, “a” bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxs 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 3-may kuni Surxondaryoda ham traktor ishtirokida YTH yuz bergan va uning oqibatida 13 yoshli bola vafot etgandi.