UzAuto Motors kompaniyasi tomonidan jihozlangan Damas negizidagi tez tibbiy yordam avtomobillari partiyasi Tojikistonga yuborilgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya avtomobillar Tojikistonning maxsus tez tibbiy yordam parkini kengaytirish va pandemiya vaqtida bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallanganini ma’lum qilgandi.

Foto: UzAuto Motors matbuot xizmati

Asia-Plus’ning yozishicha, mazkur mashinalar Tojikistonning “Lesinvest” kompaniyasi tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga O‘zbekistondan sotib olingan.

Foto: Asia-Plus

Nashrning qayd etishicha, “Lesinvest” kompaniyasi Ravon brendining Tojikistondagi rasmiy distribyutori hisoblanadi. Ravon avtosaloni menejeri Haydarshox Nosirzodaning ma’lum qilishicha, “Lesinvest” tomonidan O‘zbekistondan 8 ta Damas rusumidagi tez tibbiy yordam avtomobili sotib olingan.

Foto: Asia-Plus

UzAuto Motors avtomobillar tibbiy muassasalarga tarqatish uchun Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirilganini ma’lum qilgan. Biroq Haydarshox Nosirzodaning aytishicha, avtomobillar “Lesinvest” tomonidan sotib olingan va ular yaqin vaqt ichida Tojikistondagi tibbiy muassasalarga tarqatiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilgan. Muloqot chog‘ida davlat rahbarlari koronavirusga qarshi kurash masalasi hamda Sardobada yuz bergan falokatni muhokama qilgan.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Tojikistonga koronavirusga qarshi kurashda yordam berish uchun shifokorlar guruhi hamda konteynerlar, 10 ta sun’iy nafas oldirish apparati va juda ko‘p tibbiy xalat, dori vositalari, qo‘lqop, respiratorlardan iborat insonparvarlik yordami jo‘natgan.