Turkmanistonning Ashxobod shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga viloyat tibbiyot muassasalaridan COVID-19 bilan kasallangan bemorlar kelmoqda. Shuningdek, so‘nggi hafta davomida o‘limlar soni ham sezilarli oshdi, deb yozmoqda “Xronika Turkmenistana”.

Foto: “Xronika Turmenistana”

Xususan, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Toshhovuzdan koronavirusga chalingan ikki ayol keltirilgan. Mart oyi boshlarida esa u yerda koronavirusga tahlil natijalari musbat chiqqan kamida ikki turkmanistonlik davolangan.

Ma’lumot uchun, Turkmanistonda koronavirus rasman qayd etilmagan. Hukumat mamlakatda kasallik yo‘qligini ta’kidlamoqda. 23-aprel kuni Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredev ham mamlakatda COVID-19 bilan kasallanganlar yo‘qligini e’lon qilgan. Ko‘plab materiallarda bunga karantin choralari vaqtida qo‘llanilgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, OAVda Turkmanistonda yetti kishida koronavirus aniqlangani, kasallikdan bir kishi vafot etgani, marhum haqidagi ma’lumotlar qat’iy sir saqlanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

JSST esa Turkmaniston hukumati bergan ma’lumotlarga ishonishini bildirgan.