Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahridagi Azatlik bozorida meva olish uchun odamlar uzun navbatlarga turmoqda. Xaridorlar navbatni bir kun avval kechki payt egallamoqda. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Qayd etilishicha, ertalab soat 5-6 da kelgan xaridorlar o‘zini birinchi bo‘lib kelgan deb hisoblaydi va bir kun avval kechqurun navbat egallagan xaridorlar bilan janjallar va mushtlashuvlarga sabab bo‘ladi.

Davlat do‘konlarida olma, apelsin va bananning bir kilogrammi 10-12 manat (29000-34800 so‘m) turadi. Ikki oy avval mazkur mevalarning narxi bir kilogramm uchun 6 manatni tashkil qilgan. Xususiy do‘konlarda esa mevalarning narxi 45-50 manatni tashkil qilmoqda, biroq ularning sifati ancha yaxshi.

Xaridorlarning shikoyat qilishicha, davlat do‘konlarida sotuvchilar tarozidan uradi yoki buzilgan mevalarni solib beradi. Biroq odamlar narxlar bozordagidan pastroq bo‘lgani sababli bunga ham rozi bo‘lishga tayyor.