Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida 12-may kuni yuz bergan YTH oqibatida 4 yoshli bola vafot etdi. Bu haqda YHXBB xabar berdi.

Foto: YHXBB

Hodisa Qalando‘rman qishlog‘i hududidan o‘tgan ichki 4K-928 avtomobil yo‘lining 3-kilometrida yuz bergan. 1998-yilda tug‘ilgan A.S. Matiz avtomobili tezligini me’yoridan oshirgan holda boshqargan. Yo‘l chetida harakatlanib ketayotgan 2016-yilda tug‘ilgan M.J. 2008-yilda tug‘ilgan Z.O‘.ning qo‘lidan chiqib ketib, yo‘lga yugurib chiqqan vaqtda uni Matiz urib yuborgan.

YHXBB tomonidan e’lon qilingan suratlarda Matiz’ning tormoz izi bir necha o‘n metrga cho‘zilib ketganini ko‘rish mumkin.

Foto: YHXBB

4 yoshli M.J. olgan tan jarohatlari og‘irligi sababli shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Yangibozor tumani IIB Tergov guruhi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Joriy hafta mobaynida O‘zbekistonda bir nechta odam o‘limi bilan bog‘liq YTHlar qayd etildi. 11-may kuni Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida Lacetti motorollerga urilishi oqibatida 38 yoshli motoroller haydovchisi, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida Isuzu avtobusi velosipedchini urib yuborishi oqibatida 33 yoshli velosipedchi, 12-may kuni Buxoroning Romitan tumanida traktor tirkamasi ag‘darilib ketishi oqibatida 33, 34 va 38 yoshli ayollar vafot etdi.