Hind kinosida o‘chmas iz qoldirayotgan afsonaviy aktyorlar hozir qanday ko‘rinishda va ular nimalar bilan band? Quyida shular haqida so‘z yuritamiz.

Amitabh Bachchan, 77 yoshda

Foto: Getty Images

Amitabh Bachchan hind xalqi uchun shunchaki aktyor emas, odamlar uni ma’budga qiyoslaydi. U hozir ham Hindistonning eng talabgir aktyorlaridan biri hisoblanadi. Kinodagi faoliyatidan tashqari u “Kim millioner bo‘lishni xohlaydi?” ko‘rsatuvining hindcha versiyasiga boshlovchilik qiladi.

Mithun Chakraborti, 69 yoshda

Foto: Getty Images

1982-yilda “Disko raqqosi” filmi katta ekranlarga chiqqach, aktyor butun dunyoga mashhur bo‘lib ketdi. Film hind kinosining klassikasiga aylandi, Mithun o‘ziga Jimmi degan ikkinchi ismni orttirdi. Mithun hozir ham kinolarda suratga tushadi, yoshiga qaramay u hamon talab yuqori bo‘lgan aktyorlardan biri hisoblanadi.

2020-yilning 30-aprelida 68 yoshida vafot etgan Rishi Kapur

Foto: Getty Images

Afsonaviy aktyor Raj Kapurning o‘g‘li aktyorlikdan boshqa kasbni tanlay olmasdi. Uning “Bobbi” filmidagi roli unga olamshumul mashhurlik keltirdi. U bir muddat rejissorlik bilan ham shug‘ullangan. Rishi Kapur bir necha yil oqqon bilan kurashib, shu kasallik tufayli olamdan o‘tdi.

Dharmendra, 84 yoshda

Foto: Getty Images

Dharmendrani “Zita va Gita” fimidan tanishadi, biroq unga haqiqiy muvaffaqiyat keltirgan film “Gul va tosh” hisoblanadi. Ushbu kartinadagi jinoyatchi obrazini muvaffaqiyatli gavdalantirganidan so‘ng unga rejissorlar tomonidan takliflar yog‘ila boshladi. Aktyor qisqa muddat ichida boy va mashhur bo‘lib ketdi. Dharmendrani 19 yoshida Prakash Kaur ismli qizga uylantirib qo‘yishadi. Ular ikki o‘g‘il ko‘radi. Dharmendraning ikki o‘g‘li Sanni va Bobbi Deollar ham muvaffaqiyat qozongan aktyorlar.

Dharmendra “Zita ava Gita” filmining suratga olish jarayonida aktisa Hema Malini bilan tanishib, unga ko‘ngil qo‘yadi. Shundan so‘ng birinchi xotini bilan ajrashib, Hemaga uylanadi. Ularning ikki qiz farzandi bor.

Hema Malini, 71 yosh

Foto: Getty Images

“Zita va Gita” filmidan so‘ng tanilgan Hema Malini “Sevimli Raja”, “Qasos va qonun”, “Bog‘bon” filmlarida ham esda qolarli obrazlarni yaratgan. U Hema Malini Creations prodyuserlik kompaniyasiga asos solgan, u turmush o‘rtog‘i Dharmendra bilan siyosiy faoliyat ham olib boradi, shuningdek, kinolarda suratga tushadi.

Jeki Shroff, 63 yoshda

Foto: Getty Images

Jekining haqiqiy ismi — Jaykishan. “Asira” filmidagi ishtiroki unga muvaffaqiyat keltirgan. Shundan so‘ng aktyor o‘ziga Jeki Shroff taxallusini tanlagan. Jeki kinoprodyuser Aisha Shroffga uylangan. Ularning ikki farzandi bor.

Aktyor Jackie Shroff Entertainment Limited mediakompaniyasiga rahbarlik qiladi.

Jaya Prada, 58 yosh

Foto: Getty Images

Jaya Prada o‘zbek tomoshabinlariga “Mehribonginam” filmidagi Yeshoda obrazi bilan yaxshi tanish. U 1994-yildan beri siyosat bilan shug‘ullanadi. Jaya Prada Hindiston parlamenti a’zosi hisoblanadi.

Rekha, 65 yoshda

Foto: Getty Images

Rekha 12 yoshidan beri kinolarda suratga tushadi. Otasi ularni tashlab ketganidan keyin qizcha maktabni tashlab ishlashga majbur bo‘lgan. U kecha-yu kunduz filmlarda suratga tushardi. Aktrisa bugunga qadar 200 ga yaqin filmda suratga tushgan. Uning eri o‘z joniga qasd qilgan, shundan so‘ng Rekha qayta turmush qurmagan. U uzoq muddat Bollivud qiroli Amitabh Bachchan bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan. Ularning munosabatlarini hamma qoralagan. Birozdan so‘ng Bachchan aktrisa bilan munosabatlariga chek qo‘yib, oilasiga qaytgan. Aktrisa hozirda Mumbay shahrida yaqin dugonasi bilan birga yashaydi. U hozir ham filmlarda suratga tushadi.