The New York Times gazetasi Rossiyada koronavirus qurbonlari soni kamaytirib ko‘rsatilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltirilgan maqola mazmuniga shubha qilinishiga hech qanday asos ko‘rmaganini ma’lum qildi. Bu haqda NYT kommunikatsiya bo‘yicha vitse-prezidenti Daniel Roudsga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Foto: “Pravda”

Uning so‘zlariga ko‘ra, nashr o‘z materialida keltirilgan ma’lumotlarning aniqligiga to‘liq ishonadi. Roudsning ta’kidlashicha, maqola rasmiy davlat idoralari tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga, shuningdek, bir necha davlat institutlari ekspertlari bilan o‘tkazilgan intervyularga asoslangan. “Maqolamizda keltirilgan biror-bir fakt bahslashiladigan emas”, — deydi u.

NYT Moskva va Rossiyaning boshqa hududlarida koronavirus oqibatida vafot etayotganlar soni rasmiy statistikadan ko‘p bo‘lishi mumkinligi haqida maqola chop etgan. Xususan, gazeta mustaqil demograf Aleksey Rashkinning so‘zlarini keltirib o‘tgan. Rashkin Moskvada koronavirus qurbonlarining qariyb 70 foizi ro‘yxatga olinmayotgani, Rossiyaning boshqa mintaqalarida ushbu ko‘rsatkich 80 foizga tengligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, maqolada Rossiya prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi katta ilmiy xodimi Tatyana Mixaylovaning bayonoti keltirilgan bo‘lib, unda Moskvada aprel oyida o‘lim ko‘rsatkichlari o‘tgan o‘n yillikda kuzatilgan o‘lim holatlaridan ancha yuqori ekanligi qayd etilgan. “Bir narsa aniq: koronavirus qurbonlari soni rasmiy ma’lumotlardan qariyb uch barobarga ko‘p bo‘lishi mumkin”, — deydi Mixaylova.

Financial Times gazetasida ham xuddi shu kabi maqola chop etilgan. Materialda Moskva va Sankt-Peterburgda koronavirus qurbonlari aslida ancha ko‘p ekanligiga urg‘u berilgan. Nashr versiyasiga ko‘ra, ushbu shaharlarda 2020-yilning aprel oyi bo‘yicha o‘lim holati o‘tgan besh yilning aynan shu oyiga nisbatan 2073 taga ortgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aprelda COVID-19 oqibatida 629 kishi vafot etgan, 1444 ta o‘lim holati esa hisobga olinmay qolib ketgan.

Ma’lumot uchun, 13-may holatiga ko‘ra, Rossiyada pandemiya boshlanganidan buyon COVID-19 bilan kasallanganlar soni 242 ming kishidan, virus qurbonlari soni esa 2,2 ming kishidan oshgan.