Turkmanistonda Lebop viloyatidagi bo‘ron oqibatida elektr ta’minotidan uzilib qolgan qishloqlardan biridagi aholi transformator uchun pul yig‘ishni boshladi, deb xabar bergan “Xronika Turkmenistana”.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Jayhun-Charjov tumanidagi Baliqchi qishlog‘i 27-apreldan buyon elektr toki ta’minotidan uzilib qolgan. Qishloq oqsoqollarining tuman hokimligiga qilgan murojaatlari javobsiz qolgan. Amaldorlar markazdan transformator yuborilsa, elektr ta’minoti tiklanishini ma’lum qilgan, biroq buning qachon amalga oshishi ochiqlanmagan.

Qishloq aholisi har bir xonadondan 200 manatdan pul yig‘ib, tuman elektr ta’minoti idorasidan yordam so‘ragan va mutasaddilar transformator borasida ko‘mak berilishini ma’lum qilgan. Odamlar transformatordan tashqari simyog‘ochlar va simlar uchun ham mablag‘ yig‘ishi kerak.

Elektriklar musibatdan foydalanib, uzilgan elektr uzatish tarmoqlaridagi simlarning metrini 2,50 manatdan pullash bilan ovora. Kalinin va Arabchi qishloqlarida yashovchi fuqarolar ham uylariga elektr toki qaytishi uchun o‘z yonlaridan mablag‘ yig‘ishga majbur bo‘lgan.

27-aprelda Lebop viloyatida kuchli bo‘ron kuzatilgan. Tabiiy ofat oqibatida viloyat ichimlik suvi va elektr ta’minotida muammolar paydo bo‘lgan.