Gruziyaning Bravo Metehi guruhi xonandalari Sevara Nazarxonning “Ulug‘imsan Vatanim” qo‘shig‘idan parchani o‘zbek tilida mahorat bilan ijro etdi. Video guruhning Instagram’dagi sahifasida e’lon qilindi.

“Ushbu qo‘shiq o‘zbekistonlik opa-singil, aka-ukalarimiz uchun gruzinlardan sovg‘a sifatida jaranglaydi”, — deydi guruh xonandalari.

Qisqa vaqt ichida 2500 taga yaqin layk to‘plagan video ostiga Sevara Nazarxon ham izoh yozdi.

“Mana, vanihoyat sizni topdim! Bolalar, ajoyibsizlar! Samimiy ijro uchun sizlarga minnatdorchilik bildiraman! Sizlar bilan birga qo‘shiq kuylasam degandim, bunga qanday qaraysiz?”, — deb yozadi Sevara.

Guruh xonandalari Sevara Nazarxonga javob tariqasida “Siz bilan qo‘shiq kuylash biz uchun katta sharaf”, — deb yozdi.