Tojikistonda pnevmoniya bilan kasallanganlarning soni ortayotgan bir vaqtda mamlakatda ko‘plab shifokorlar vafot etmoqda. Asia-Plus pandemiya boshlanishidan buyon hozirga qadar vafot etgan shifokorlar ro‘yxati bilan bo‘lishdi.

Foto: Asia-Plus

Oxirgi paytlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab shifokorlar vafot etayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Marhumlarning yaqinlari, qarindoshlari, hamkasblari, bemorlar shifokorlarni yaxshi so‘zlar bilan yodga olmoqda. Ushbu davr oralig‘ida shifokorlarning o‘limiga nima sabab bo‘lgani to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlar yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlardagi postlarda ham o‘lim sabablari ko‘pincha aniq ko‘rsatilmagan, biroq foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, shifokorlarning o‘limiga koronavirus sabab bo‘lmoqda.

Nashr “pnevmoniya oqibatida” vafot etgan shifokorlar va tibbiyot xodimlari haqida OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan materiallarni to‘plab chiqdi.

Sil va pnevmoniyadan

Ommaviy axborot vositalari tibbiyot xodimi vafot etgani haqida ilk bor aprel oyining o‘rtalarida ma’lum qila boshladi: Boxtardagi viloyat klinik shifoxonasining xodimi 12-aprel kuni vafot etgan. U xorijdan kelgan tojikistonliklar saqlangan karantin hududida ishlagan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi, Oishaxon Alimovaning o‘limiga infiltrativ sil va yurak qon-tomir tizimidagi kasalliklar sabab bo‘lganini rasman ma’lum qilgan.

Biroq Oishaxonning yaqinlari ayol sildan aziyat chekmaganini bildirgan.

Shifokorning vafot etishiga bog‘liq ikkinchi holat haqida 24-aprel kuni ma’lum bo‘lgan: Dushanbedagi 1-sonli shahar tibbiyot markazining 57 yoshli fizioterapevti Fatto Soliyev vafot etgan. Unga pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, shifoxonaga 20-aprel kuni uyidan olib kelingan. Marhumning jasadini tibbiyot xodimlari ko‘mgan.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi faqat bir marta — 27-aprel kuni Dushanbe shahridagi 1-sonli shahar tibbiyot markazida 136 nafar tibbiyot xodimi pnevmoniya bilan kasalxonaga joylashtirilganini ma’lum qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarning “Qora xati”

Ijtimoiy tarmoqlarda turli mutaxassislikka ega shifokorlar vafot etayotgani haqida ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Biroq buni qanchalik haqiqatga yaqinligini aniqlashning imkoni yo‘q.

Xususan, 1-may kuni Zulya Rahmatova ismli foydalanuvchi 69 yoshli neyrojarroh Jo‘raqul Rajabov vafot etganini ma’lum qilgan.

Foto: Facebook / Rahmatova Zuly

Shu kunning o‘zida Rahmatova poytaxt dorixonasining mudiri, farmatsevt Gado Gadoyev vafot etganini e’lon qilgan.

Foto: Facebook / Rahmatova Zuly

7-may kuni Facebook’dagi Naimjon Mavlonov “Tojikiston shifokorlari” guruhiga Dushanbe shahri markaziy tez yordamida ishlagan urolog-shifokor Vatanshox Rajabov vafot etganini yozib qoldirgan.

Foto: Facebook / Naimjon Mavlonov

Shuningdek, 7-may kuni Firuza Nabiyeva ismli foydalanuvchi 15 kun ichida vafot etgan shifokorlarning ismlari va suratlaridan iborat post qoldirgan.

“Shu kunlarda mamlakatning eng yaxshi shifokorlari vafot etayotganini eshitish naqadar qayg‘uli… 23 apreldan 6-mayga qadar o‘n nafar shifokor yorug‘ olamni tark etdi. Agarda shunday davom etadigan bo‘lsa, oy oxiriga borib ushbu raqamlar 20 ga, 6 oyda esa 120 ga yetishi mumkin. Shifokorlarning o‘limi — millatning o‘limi! Biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak! Shifokorlarni asrang, ularga yordam bering, ular himoyada bo‘lishi kerak”, — deb yozadi Nabiyeva.

Ushbu postda Xo‘janddagi 1-sonli shahar shifoxonasining nevrologi Gulnora Sattorova, neyrojarroh Rashodxon Baqoyev hamda shifokor Do‘stmuhammad Do‘stmatov vafot etgani to‘g‘risida xabar bergan.

Foto: Facebook

Shuningdek, Tursunzoda shahridagi kasalxonaning yuqumli kasalliklar bo‘yicha shifokori Turg‘un To‘rayev, shifokorlar Sherali Jo‘raqulov va Abduroziq Xalifayev ham vafot etgan.

Do‘stmuhammad Do‘stmatov

Foto: Facebook

Abduroziq Xalifayev

Foto: Facebook

11-may kuni oliy toifali shifokor, tibbiyot fanlari doktori O‘tkir Ahmedov 67 yoshida olamdan o‘tgan.

Foto: Facebook / Nazarova Nazarova

“Dadajonim uzoq yillardan beri shifokor sifatida Tojikistonda poliomielitga qarshi kurashdi. Ko‘plab bemor bolalarning oyoqqa turishiga imkon yaratdi, bugun uni so‘nggi manzilga kuzatish uchun ularning ko‘pchiligi keldi. Har doim va har qanday vaziyatda insonlarni davolar edi. Dadajonimizni so‘nggi manzilga kuzatish uchun kelgan barchaga minnatdorchilik bildiramiz. U haqidagi yorqin xotiralar doim yuragimizda qoladi”, — deya Ahmedovning qizi o‘zining Facebook’dagi sahifasiga yozib qoldirgan.

“Xalq ro‘yxati”

“Xalq ro‘yxati”da ham vafot etgan ko‘plab shifokorlarning ismi keltirilgan:

  • Umarqul Barotqulov — Zafarobod markaziy shifoxonasi terapevti;
  • Hosiyat Suyarqulova — Zafarobod markaziy shifoxonasi hamshirasi;
  • Nabijon Otayev — Rasulov tumanidagi “Mehrgon” tibbiyot markazining oilaviy shifokori;
  • Zarifa Qodirova — IIV poliklinikasi fizeoterapevti;
  • Nurali Rahimov — Vaxdot shahri travmatolog-shifokori;
  • Xafizaxon Oxunova — 3-sonli tibbiyot markazi hamshirasi;
  • Habiba Tojiboyeva — Xo‘janddagi 4-sonli sog‘lomlashtirish markazining katta hamshirasi;
  • Shahodat Toirova — xo‘jandlik shifokor;
  • Rustam Hamidov — dushanbelik oftalmolog-shifokor.

Ushbu maqolani tayyorlash vaqtida Facebook va OAVda yana ikki nafar shifokor vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Imomiddin Sharofiddinov ismli foydalanuvchi 14-may kuni ertalab nevrolog Murtazo Shukurov hayotdan ko‘z yumganini yozib qoldirgan bo‘lsa, “Tojikiston” axborot sayti tibbiyot fanlari nomzodi, 1-sonli shahar tibbiyot markazi shifokori Sayohat Hamroqulova vafot etganini ma’lum qilgan.

14-may holatiga ko‘ra, Tojikistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 907 kishini tashkil etmoqda. O‘tgan bir sutka ichida 106 kishida COVID-19 aniqlangan va 6 kishi vafot etgan. Mamlakatda koronavirus qurbonlari soni 29 kishiga yetgan.